O‘zbekiston | 12:39 / 08.09.2018
18157
3 daqiqa o‘qiladi

Medvedev: O‘zbekistondagi AES bo‘yicha loyiha strategik ahamiyatga ega 

Atom elektr stansiyasini qurish - O‘zbekiston va Rossiyaning eng muhim qo‘shma loyihasi, deya ma'lum qildi Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev.

Foto: Rossiya Federatsiyasi hukumati axborot xizmati

«Shubhasiz, loyiha strategik ahamiyatga ega. U katta, murakkab, biroq o‘n yillar davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yuqori texnologiyali hamkorlik uchun zamin yaratadi», - dedi Medvedev Moskvada kecha bo‘lib o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 19-yig‘ilishi davomida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «gap keng ko‘lamli texnologiyalar transferi, o‘zbekistonlik mutaxassislarni keng doiradagi vakolatlarga tayyorlash haqida bormoqda. Bu muayyan darajada O‘zbekistonni texnologik rivojlanishning boshqa darajasiga o‘tkazadi».

Rossiya bosh vazirining ta'kidlashicha, tomonlar hamkorlik uchun yangi mexanizm yaratishga kelishib oldilar. «U qaysidir jihatdan noyob xususiyatga ega - bu hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya», - dedi Medvedev.

«O‘zbekiston bugun - bizning asosiy va eng istiqbolli tashqi siyosiy sheriklarimizdan biri. Ko‘plab sohalarda o‘sish salohiyati mavjud», - deya ta'kidlab o‘tdi u. Medvedev hamkorlikning dinamikasidan mamnunligini ham bildirgan.

Foto: Rossiya Federatsiyasi hukumati axborot xizmati

Rossiya hukumati rahbarining eslatishicha, o‘tgan yili ikki tomonlama savdo hajmi uchdan bir barobarga oshdi, «joriy yilning bir yarim yilligida esa, bu tendensiya saqlanib qolmoqda». «O‘zaro savdoning o‘sishi deyarli uchdan bir qismni tashkil etdi - 32%. Rossiya O‘zbekistonning savdo sheriklari orasida yana birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi, bu bizni quvontirishi tabiiy», - deya qayd etib o‘tdi bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Rossiya AES qurilishi haqida kelishib olgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid