08:30 / 09.09.2018
11478

Golland kompaniyasi Tinch okeanida plastik chiqindilarni yig‘uvchi tizimni ishga tushirdi

Foto: Ocean Cleanup

Gollandiyaning Ocean Cleanup kompaniyasi 8 sentabrda Tinch okeanida plastik chiqindilarni yig‘ishga mo‘ljallangan System 001 tozalash tizimini ishga tushirdi. Bu haqda USA Today nashri ma'lum qildi. 
       
Tizim 600 metr uzunlikka ega suzib yuruvchi to‘siqdan iborat bo‘lib, u tabiiy tarzda U-simon ko‘rinish oladi va 2,7 metr suv ostiga kiradi. Tizim quyosh batareyalaridan ishlovchi elektr lampalar, to‘qnashuvlardan ogohlantiruvchi tizim, kamera va datchiklar bilan jihozlangan.

Tizim okean sirtida suzib yuruvchi plastik chiqindilarni suv oqimi va to‘lqinlar hisobiga tutib oladi. To‘siqda yig‘iluvchi chiqindi maxsus kemalarda utillashtirish uchun quruqlikka yetkaziladi.

Tizim 5 kun ichida Kaliforniya sohillaridan 440 km masofa uzoqlikka olib boriladi va sinov rejimida ishlaydi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, to‘siq Tinch okeanida sohildan 2 ming kilometr uzoqlikka yetkaziladi.  

Tizimning muallifi va Ocean Cleanup asoschisi 23 yoshli gollandiyalik Boyan Slat hisoblanadi. U o‘z loyihasini amalga oshirish uchun Niderlandiya hukumati, xayriyalar va boshqa texnologik kompaniyalar ko‘magi evaziga millionlab dollar yig‘a olgan. Kelgusida okeanni tozalash uchun bunday to‘siqlardan 60 tadan ko‘proq yaratish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top