Jahon | 16:23 / 11.09.2018
8541
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda 2001 yil 11 sentabrda vayron bo‘lgan metro bekati ochildi

Foto: MTA

Nyu-Yorkda Manxetten janubidagi, Butunjahon savdo markazida yonida joylashgan metro bekati ochildi. U 17 yil davomida yopiq turdi, deya xabar beradi BBC.

Cortlandt Street metroning birinchi liniyasi bekati 2001 yilning 11 sentabr teraktlari davomida samolyotlar kelib urilgan Butunjahon savdo markazining egizak minoralari vayronalari ostida qolib ketgan. O‘sha kuni uch mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, minglab odamlar jarohatlandi.

17 yil o‘tgach - 8 sentabr kuni, mahalliy vaqt choshgohda - bekat World Trade Center (WTC) nomi ostida foydalanishga topshirildi.

«WTC Cortlandt - bu shunchaki metro bekati emas. Bu shahar aholisining Butunjahon savdo markazini tiklashga bo‘lgan intilishi ramzidir», - deya aytib o‘tdi Metropolitan Transportation Authority (MTA) rahbari Jozef Lot.

New York Times ma'lumotlariga ko‘ra, yangi bekat Nyu-Yorkka 181,8 million dollarga tushdi. Uni tiklash uchun 365 metr relslarni almashtirish va bekatda butunlay yangi shiftni barpo etish talab qilindi.

Endi u eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan: masalan, platformani sovitadigan yangi ventilyatsiya tizimi. Bundan tashqari, ustunlar sonining kamligi tufayli yo‘lovchi oqimi uchun ko‘proq joy paydo bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Mavzuga oid