O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentabr kuni davlat byudjyetiga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq bajarish, 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish, paxta-to‘qimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Bugungi yig‘ilishimizda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qo‘shimcha rezervlarni ishga solish choralarini ko‘rishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt bo‘lsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.
«Chunki iqtisodiy o‘sish – bu birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yo‘l-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, inflyatsiya va narxlarni jilovlash hamda odamlarni ish bilan ta'minlash deganidir.
Biz bu borada oxirgi 2 yil mobaynida juda ulkan islohotlarni, ko‘plab yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirdik va davom ettirmoqdamiz. Ushbu ustuvor vazifalarni va fuqarolarimiz hayotini yanada yaxshilash yuzasidan zimmamizga olgan majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarishimiz uchun respublika va mahalliy byudjyetlarga qo‘shimcha daromadni ko‘paytirishimiz zarur. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investitsiya dasturlarini izchil amalga oshirishimiz kerak.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun yetarli valyuta tushumini ta'minlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularni eksportga jo‘natishni ko‘paytirishimiz darkor. Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida e'tibor berishimiz kerak», degan davlat rahbari.
Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Prezidentning joriy yil boshida bergan topshirig‘iga muvofiq, byudjyetga qo‘shimcha daromad tushirish bo‘yicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari ko‘rilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat byudjyetiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz ko‘p daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy byudjyetlarga tushumlarning o‘sishi 22 foizni tashkil etdi.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari borligini ta'kidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar bergan.

















