O‘zbekiston | 00:54 / 13.09.2018
6525
3 daqiqa o‘qiladi

Turizm: O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida 2019-2020 yillar uchun hamkorlik dasturi imzolandi

12 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Belarus Respublikasi sport va turizm vazirligi o‘rtasida 2019-2020 yillarda turizm sohasida hamkorlik qilishga doir dastur imzolandi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Xuddi shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida Belarus delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov va Belarus Respublikasi sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk o‘rtasidagi muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi turizmni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. Qo‘mita matbuot xizmati KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi. 

Sergey Kovalchuk Belarus Respublikasiga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun muhim turistik trendlar, Belarus rahbariyati tomonidan sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida qabul qilinayotgan qarorlar haqida so‘zladi. Belarusda dunyoning 80 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz kirish tizimi yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tgan Kovalchukning so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi qadimiy mamlakatlardan biriga tashrif buyurayotgan sayyohlarni biznes turizm, sport va tibbiyot turizmi ko‘proq jalb qiladi. Ayni vaqtda Belarus Respublikasi sport va turizm vazirligining eng katta e'tibori kelasi yili 21 iyuldan 30 iyulgacha bo‘lib o‘tadigan Yevropa o‘yinlariga qaratilmoqda. Boisi aynan mana shu davr oralig‘ida 50 dan ortiq mamlakatdan turistlar tashrifi kutilmoqda, ularni munosib qarshi olish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi  Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov, o‘z navbatida, mamlakatimiz turizm sohasining hozirgi holati, mintaqalarda turizmni rivojlantirishga qanday e'tibor qaratilayotgani, turizm yo‘nalishida O‘zbekiston qanday salohiyatga ega ekani va bu sanoatni rivojlantirish uchun katta ishlar qilinayotgani haqida so‘z yuritdi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Qo‘mita raisi Samarqandda ochilgan Ipak Yo‘li xalqaro turizm universiteti faoliyatiga to‘xtalib, u yerda turizm sohasi uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar yetishib chiqishini alohida qayd etdi. Mazkur Universitet asta-sekin xorijiy talabalarni ham o‘ziga jalb etgan holda jahon hamjamiyati tomonidan tan olinadigan diplomni taqdim etishiga e'tibor qaratildi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus Respublikalari o‘rtasida turizmni rivojlantirishga doir fikrlar almashildi. 

Mavzuga oid