17 sentabr kuni Ilon Mask SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilayotgan BFR raketasida Oyga sayohat qiladigan ilk sayyoh yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava bo‘lishini ma'lum qildi. Uning ismi vatanidan tashqarida unchalik ham taniqli emas, ammo Yusaku Yaponiyada anchagina obro‘ga ega.

Ishni disk sotishdan boshlagan milliarder
Maedzava 1975 yilda Yaponiyaning Kamagaya shaharchasida buxgalter va uy bekasi oilasida tug‘ilgan. 1991 yilda o‘zi o‘qiyotgan maktabda Switch Style rok guruhiga asos solgan va guruhda barabanchilik qilgan.
O‘qishni bitirgach, AQShga yo‘l olgan va u yerda taniqli xonandalarning CD-disklari va plastinkalarini kolleksiya qilgan. 1995 yilda Yusaku Yaponiyaga biznes g‘oya bilan qaytadi. U to‘plagan kolleksiya pochta orqali musiqiy CD-disklar yetkazib beruvchi kompaniya tashkil etilishiga asos bo‘ladi.

1998 yilda 22 yoshli Maedzava Start Today firmasini ochadi. Firma internet buyurtmalar asosida taniqli xonandalarning qo‘shiqlari yozilgan kompakt-disklarni sotish bilan shug‘ullanadi. Bir necha yildan keyin esa yosh tadbirkor Zozotown deb nomlangan kiyim-kechak sotiladigan internet-magazinni tashkil qiladi.
Maedzavaning dastlab to‘rt kishi ishlagan kompaniyasida 2018 yilga kelib xodimlar soni 900ga yetdi, Zozotown esa Yaponiyadagi kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi eng yirik internet-magazin hisoblanadi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, Maedzavaning boyligi 3 milliard dollarga yaqin bo‘lib, u Yaponiyaning eng boy kishilari ro‘yxatida 18-o‘rinda qayd etilgan.

San'at shaydosi
















