Chempionlar ligasida yana 4 guruhda birinchi tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Krishtianu Ronaldu «Yuventus» bilan YeChLdagi debyutini muvaffaqiyatsiz boshladi. Portugaliyalik futbolchi 30-daqiqadayoq qizil kartochka olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Krish bilan nima bo‘ldi?

Foto: Manuel Queimadelos Alonso/Getty Images

H guruhi
«Valensiya» - «Yuventus» - 0:2 (Pyanich, 45 – penalti. Pyanich, 51 – penalti)

Biroz tanaffusdan keyin Ronaldu Ispaniyaga qaytdi. U o‘yinni yomon boshlamadi - raqib darvozasiga doimiy ravishda xavf solib turdi. Manjukich uchun golli vaziyatlar yaratib, jamoa yetakchisi ekanini ko‘rsatib turdi.

Ammo mezbonlar Ronalduning kuchli ishtiyoqidan foydalanishdi. 29-daqiqada Murilo u bilan kichik kontaktdan keyin gazonga yiqildi. Neymardan oldin futboldagi «eng katta artist» bo‘lgan portugaliyalik futbolchini esa raqibning ayyorligi g‘azablantirdi. U qo‘llari bilan gazonda yotgan raqibni turtkilab, baqira boshladi va buning ortidan qarshisida qizil kartochka ko‘targan Feliks Brixni ko‘rdi. Hakam bu vaziyatni ko‘rgani yo‘q. U ancha vaqt yon hakam bilan maslahatlashib turgach, o‘ta bahsli qaror qabul qildi –hujumchiga qizil kartochka ko‘rsatdi. Bu Ronalduning 15 yilda ilk marta Chempionlar ligasida qizil kartochka olishi bo‘ldi.

Bu Ronalduning YeChLda yangi klubidagi eng yomon debyutidir. 2003 yili u «MYu» bilan YeChLdagi ilk o‘yinida «Shtutgart»ga qarshi o‘yinda penalti ishlagandi (1:2), 2009 yili «Real» safida «Tsyurix»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgandi (5:2).

Turinliklar bir kishi kam bo‘lib, Xedira jarohat olib, majburan maydonni tark etishiga qaramasdan, birinchi bo‘limdayoq ustunlikka erishishdi. 45-daqiqada Dani Parexo jarima maydonchasi ichida Kanseluga qarshi xavfli harakatidan keyin Brix mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi va Pyanich hisobni ochdi. Bosniyalik futbolchi ikkinchi bo‘lim boshida ham 11 metrlik nuqtadan ikkinchi golni urdi. Ikkinchi vaziyatda Murilo raqibni qo‘pollik bilan to‘xtatgandi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning oltinchisida Brix yana bir penalti belgiladi. Ammo Dani Parexo Voysex Shesniga qarshi duelni yutqazdi.