O‘zbekiston | 15:25 / 20.09.2018
28356
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi tuzilma tashkil etishni taklif qildi

Foto: UzReport

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarining transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda davlat rahbarining «Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar» konferensiyasi ishtirokchilariga murojaatida aytiladi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlari transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengashni tashkil etish maqsadga muvofiq, u transport-logistika sohasi muammolarini hal qilishda muvofiqlashtiruvchi tuzilmaga aylanadi», - deyiladi bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan o‘qib eshittirilgan murojaatda.

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tuzilmalar mutaxassislarining ko‘magida mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqishni ham taklif etdi. Kelgusida uning asosida transport tizimini barqaror rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy dastur qabul qilinishi kerak.

«Mintaqa davlatlari ShHT faoliyatida muhim rol o‘ynashini hisobga olsak, ushbu tashkilot doirasida integratsiyalashgan transport tashuvlarini boshqarish tizimini yaratish kerak», - deya hisoblaydi Mirziyoyev.

Shuningdek, uning fikriga ko‘ra, mintaqaning turistik jozibadorligini oshirish uchun transport kommunikatsiyalari va infratuzilmani birgalikda rivojlantirish zarur. «Bunga Butunjahon turistik tashkilot bilan birgalikda mintaqadagi turistik xablarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish yordam berishi mumkin», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi davlat rahbari.

«Bu va boshqa tashabbuslarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyodagi barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mintaqaga aylantirish, global transport xizmatlari bozorida raqobatbardoshligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi», - deyiladi murojaatda.

Mavzuga oid