Vazirlar Mahkamasining 10.09.2018 yildagi 720-son qarori bilan tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanishni ta'minlashning hamda davlat byudjyeti daromadlarini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, hujjatda foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi qator kamchiliklar sanab o‘tilgan. Ular sirasida noruda foydali qazilma boyliklarni qazib oluvchi tashkilotlarning ro‘yxati va ular tomonidan qazib olingan foydali qazilmalar zaxiralari hajmining yagona integratsiyalashgan idoralararo elektron bazasi mavjud emasligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, qazib olingan noruda foydali qazilmalar miqdorini hisobotlarda kamaytirib ko‘rsatish holatlari aniqlanmoqda, bu esa soliq summalarining to‘liq hisoblanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Ma'lumot uchun: noruda foydali qazilmalar – tabiiy ko‘rinishda yoki xom ashyo sifatida sanoat va qurilishda foydalaniladigan nometall foydali qazilmalar (minerallar yoki tog‘ jinslariga kirishi mumkin).
1.03.2018 yildagi PQ–3578-son qarorga muvofiq, joriy yil 1 avgustdan boshlab qazib olish hajmlari to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (bundan keyin – Inspektsiya) va uning hududiy bo‘linmalari qabul qiladi.
Shu sababli endi barcha yer qa'ridan foydalanuvchi tashkilotlar har yili bir marta yillik qazib olingan foydali qazilmalar hajmlari to‘g‘risida marksheyderlik xulosasini tuzadilar (uning shakli VMning 10.09.2018 yildagi 720-son qaroriga ilovada ko‘rsatilgan). Unda quyidagilarni ko‘rsatish zarur: yer qa'ridan foydalanuvchining va marksheyderlik xizmati tashkilotining nomlari, foydali qazilma uchastkasining joylashgan joyi, foydali qazilma turi, hisobot davri boshidagi va oxiridagi zaxiralar miqdorlari, qazib olingan miqdor va boshqalar. Xulosani yer qa'ridan foydalanuvchi va marksheyderlik xizmati imzolashi lozim.
Ma'lumot uchun: foydali qazilma konlari qazishni, foydali qazilmalar qazish korxonalarini loyihalash va qurishni amalga oshiruvchi korxonalar tuzilmasida marksheyderlik xizmati bo‘lishi shart. Maxsus usullar va texnik vositalar qo‘llanilishini talab qiluvchi kapital marksheyderlik va topografiya-geologiya ishlari esa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan bajariladi.
Yer qa'ridan foydalanuvchilarning soliq to‘lashi ustidan nazorat kuchaytirildi
21:21 / 21.09.201811 5574 min















