Yevropada futbol asta-sekinlik bilan tezlikni oshirmoqda. Kechagina jamoalar Yevropa Ligasi guruh bosqichida dastlabki turni o‘tkazishgan bo‘lsa, bir kun o‘tmay, bugundan milliy chempionatlarda navbatdagi tur boshlanadi.

Dam olish kunlarining e'tiborga molik uchrashuvlar anonsi bilan «Tribuna.uz» ham bu o‘yinlarga aloqadorlikda davom etadi.

«HOFFeNHAYM» – «BORUSSIYa» DORTMUND (22 sentabr, 18:30)

Bundesligadan Chempionlar Ligasida qatnashayotgan, ya'ni o‘tgan mavsumning omadli 4 jamoasi bu hafta o‘zaro o‘yinlarda maydonga tushishadi.

«Hoffenhaym» ham, «Borussiya» ham yevrokubokdagi ilk o‘yinlarini yaxshi o‘tkazishdi. Dortmundliklarning g‘alabasi avvaldan kutilgan bo‘lsa, «Hoffenhaym» safarda «Shaxtyor» bilan durang o‘ynadi. Juda ko‘p asosiy tarkib futbolchilari jarohat olgan Nagelsman jamoasi uchun Donetskda mag‘lubiyatga uchramaslik ham katta natija.

«Virsol Reyn» stadioni dortmundliklar uchun juda noqulay ekanini ta'kidlash kerak. Bu stadionda ushbu jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘nggi 8 o‘yinda «Borussiya» atigi 1 marotaba g‘alaba qozongan xolos. Masalan, o‘tgan mavsumda shu stadionda o‘tgan o‘yin 3:1 hisobida maydon egalarining g‘alabasi bilan tugagandi. 3 turdan so‘ng 7 ochko jamg‘arib, «Bavariya»ni ta'qib qilayotgan jamoa uchun esa, har o‘yinda g‘alaba qozonish shart ekani shubhasiz.

Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida tiklanib ulgurgan futbolchilar yo‘q. Xyubner ham, Amiri yoki Rupp ham tiklanish jarayonini davom ettirmoqda. Mehmonlardan esa, yangi hujumchi Pako Alkaserning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, portugaliyalik himoyachi Rafayel Gerreyro jarohatidan forig‘ bo‘ldi va asosiy tarkibda bo‘lmasa ham, balki zaxira o‘rindig‘ida paydo bo‘lib qolishi mumkin.

«ShALKe» – «BAVARIYa» (22 sentabr, 21:30)

Ikkinchi juftlik yanada jarangliroq. «Shalke» faqat o‘tgan yilning hurmati va hozirda Chempionlar Ligasida ishtirok etayotgani uchun uchrashuv ahamiyatini oshirmoqda xolos, zero jamoaning yangi mavsum startiga havas qilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, hozircha jamoa juda qiyin taqvimga tushib qolgan, «Volfsburg», «Herta» va menxengladbaxliklar anoyi raqib emas, ammo bu o‘yinlarda hech bo‘lmasa 1 ochko olish kerak edi. Buning ustiga, ancha qulayroq bo‘lgan guruhda YeChL ham u qadar yaxshi boshlanmadi – «Portu»ga qarshi uy o‘yinida g‘alaba ushlab qolinmadi – 1:1.

«Bavariya» esa, har safargi rejimda, Germaniya kubogi va Superkubogidan tortib, barcha Bundesliga o‘yinlari, shu bilan birga Chempionlar Ligasidagi safar uchrashuvi ham g‘alaba bilan yakunlandi. Yangi murabbiy Niko Kovach qo‘l ostida jamoa juda pragmatik va samarali o‘yin ko‘rsatmoqda.