O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Ma'lumki, joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbarining «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, ilgarigi davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, uning vazifa va vakolatlari kengaytirildi», deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Sportchilarni tanlab olish – seleksiya ishlarini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, bu o‘zining dastlabki natijalarini bera boshladi.
Avgust-sentabr oylarida Indoneziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari 21ta oltin, 24ta kumush va 25ta bronza – jami 70ta medalni qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston delegatsiyasi umumiy reytingda 5-o‘rinni egallab, o‘zbek sporti tarixida eng yaxshi natijani qayd etdi.
«Biz xalqaro sport maydonlarida O‘zbekistonning nufuzi va obro‘-e'tiborini oshirishga katta hissa qo‘shgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta e'tibor berishimiz kerak», – degan Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullantirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta'lim muassasalaridagi sport obektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, joylardagi bo‘sh turgan xususiy obektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat ko‘rsatuvchi sport markazlarini tashkil etish talab etiladi.
Shu bois Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda ta'lim muassasalaridagi sport inshootlari hamda bo‘sh turgan obektlarda sport seksiyalarini ochish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ko‘rishi zarurligi ta'kidlandi.
Tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida sport musobaqalari sonini keskin ko‘paytirish, g‘olib va sovrindorlarni Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobidan pullik mukofotlar bilan rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
















