2008 yil 15 sentabr kuni Amerikaning Lehman Brothers faoliyatini tugatib, bankrot bo‘lganini e'lon qildi. Bu AQSh moliya olamidagi eng katta kollaps edi va uning oqibatlari 2008 yilgi jahon moliyaviy inqiroziga sabab bo‘ldi. Oradan 10 yil o‘tganiga qaramay, inqirozning salbiy oqibatlari haligacha sezilib turadi. Bank mutaxassislari, iqtisodchi va tahlilchi ekspertlarning fikriga ko‘ra, dunyo hamjamiyati yangi inqirozga yuz tutishi muqarrar bo‘lib bormoqda.
Bloomberg tarqatgan xabarga ko‘ra, dunyo davlatlarining umumiy qarzlari ayni paytda 2007 yilda kuzatilgan ko‘rsatkichdan ancha farqlanmoqda, global qarzdorlik esa 237 trillion dollardan oshdi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, jahon hamjamiyati tarixdagi eng katta iqtisodiy talafotni boshdan kechirdi, ishsizlik hamon oshmoqda. Shunday ekan, iqtisodchilar jarayonlarni savol nigohi bilan kuzatishda davom etmoqda: inqiroz qaytalanadimi?
JPMorgan Chase bankining tahlilchilari yaqinlashayotgan ehtimoliy inqirozning qachon sodir bo‘lishi va uning oqibatlarini aniqlashga urinmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, bu hodisa 2020 yilda yuz beradi.
Ma'lum qilinishicha, yangi moliyaviy inqiroz Amerika fond bozorini 20 foizga cho‘ktirib, energoresurslar va metallga bo‘lgan narxning mos ravishda 35 va 29 foizga tushishiga olib keladi. Shuningdek, inqiroz oqibatida rivojlanayotgan davlatlar bozoridagi aksiyalar 48 foizga, ularning milliy valyutasi esa 14 foizga qadrsizlanadi. Kutilayotgan inqiroz 10 yil avvalgi salbiy natijalarni takrorlamasa-da, uning oqibatlari tahlilchi Makro Kolanovich tomonidan bashorat qilingan «Buyuk likvidlik inqirozi»da vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkin.
Bozorlarning tushishi yuz bersa, arzonlashayotgan aktivlarga sarmoya kiritishni istaydigan investorlar ham topilmay qolishi mumkin. Ana shunda, Kolanovichning ta'kidlashicha, qaytalanayotgan tushish aholi orasida 1968 yil yuz bergan ijtimoiy xavfsirashni paydo qiladi.















