Jahon | 16:52 / 22.09.2018
18384
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Putin bilan «o‘ta og‘ir muzokaralar» haqida ma'lum qildi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma'lum qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sochida o‘tgan muzokaralar qiyin, ammo samarali bo‘ldi.

«Muzokaralarning asosiy qismi prezident bilan yakkama-yakka holda bo‘ldi. Muzokaralar olti soat davom etdi. Ochiq aytadigan bo‘lsam, ular qiyin emas, balki o‘ta og‘ir muzokaralar bo‘ldi. Lekin samarali», - deya Lukashenkoning so‘zlarini keltirgan BelTA.

Uning ta'kidlashicha, YeOII, MDH, KXShT va Ittifoq davlatning bo‘lajak qurilishi doirasida Rossiya hamda Belarus o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, siyosiy masalalar yakkama-yakka shaklda muhokama qilindi. Tomonlar Ukrainadagi vaziyatni ham tilga olishgan.

Lukashenkoning ma'lum qilishicha, Minsk va Moskva bir hafta ichida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha reja ishlab chiqishga kelishib olgan.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishida Rossiya tomonidan 1 mlrd dollarlik qarzni qayta moliyalashtirish masalasida rad javobi berilmagan. Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Belarus yaqin kelajakda Yevroosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasi orqali 200 mln dollarlik oltinchi transhni oladi.

Bundan tashqari, Lukashenkoning qayd etishicha, tomonlar «bojxona oldi» hamda neft mahsulotlari yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun ikkita variantni ishlab chiqdilar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin belaruslik tashuvchilar uchun kvotalar qisqargani bilan bog‘liq vaziyatdan hayratga tushgan, bu masalaga yechim topiladi.

Shuningdek, davlat rahbarlari Belarus atom elektr stansiyasining qurilishiga kreditni qaytarish muddatini uzaytirish va foiz stavkasini pasaytirish masalasini muhokama etishdi.

Lukashenkoning qo‘shimcha qilishicha, tomonlarda Belarus-Rossiya chegarasini uchinchi davlatlar fuqarolari tomonidan kesib o‘tilishi masalasi bo‘yicha o‘zaro tushunish bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aleksandr Lukashenko mamlakat G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalardan foyda olishga harakat qilayotgani haqidagi taxminlarni «ahmoqlik» deb atagandi.

Mavzuga oid