Ispaniya chempionatida 5-tur yakunlandi. Bu turda «Barselona» ham g‘alabasiz seriyasini yakunlashga majbur bo‘ldi va o‘z o‘yinida g‘alaba qozongan «Real» ochkolar soni bo‘yicha kataloniyaliklarni quvib yetdi. «Tribuna» Primerada tur yakunlarini sarhisob qiladi.

«Qirollik klubi» - muhimi ochko

«Real» - «Espanol» - 1:0 (1:0)
Gol: Asensio, 41. 
«Real»: Kurtua, Odriosola, Varan, Serxio Ramos, Nacho, Modrich, Kazemiru, Sebalos (Vaskes, 63), Isko (Lorente, 79), Benzema (Dias, 60), Asensio.
«Espanol»: Diyego Lopes, Xavi Lopes, Naldu, Ermoso, Vila, Peres (Serxio Garsiya, 70), Granero, Roka, Darder (Viktor Sanches, 55), Pyatti (Leu Baptistan, 55), Borxa Iglesias.
Ogohlantirishlar: Nacho, 6. Roka, 26. Xavi Lopes, 45+2. Kazemiru, 77. 
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
22 sentabr. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

A'lo start
Keyingi 10 yilda Ispaniya chempionati turnir jadvalida 8-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan «Espanol» bir boshi yuqori sakrab, mavsumni juda yaxshi boshladi. 4 turdan keyin «to‘tiqushlar» jamoasi 2 g‘alaba va 1 durang evaziga 7 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda joylashgandi. Kataloniyaliklar «Valensiya» (2:0) va «Levante»ni (1:0) mag‘lub etishgandi. Jamoa 5-tur arafasida ikkinchi o‘rindagi «Real»dan 3 ochko ortda edi va jamoa Madridga «kuchli uchlik»ka kirish maqsadida kelgandi.

22 yil g‘alabasiz
Lekin bu ish juda murakkabligi ayon edi. Statistika katalonlarga butkul qarshi. «Espanol» Madridda oxirgi marta 1996 yilning aprelida g‘alaba qozongan, o‘shanda Jordi Lardin «Santyago Bernabeu»da dubl qayd etib, jamoasi 3 ochko bilan qaytishini ta'minlagandi. O‘shandan buyon o‘tgan 22 yil davomida jamoa Madriddagi stadion gazoniga 22 bor chiqdi va 19 marta mag‘lub bo‘lib, 3 bor durang o‘ynadi. Oxirgi 5 o‘yinda «Qirollik klubi» yirik hisoblarda g‘alaba qozongan, to‘plar nisbati - 16:1.

Beylga dam va Odriosolada debyut
Madridliklar ham YeChLda ishtirok etayotgani tufayli jamoa bosh murabbiyi Xulen Lopetegi rotatsiyalar amalga oshirdi. U Chempionlar ligasi doirasida «Roma» darvozasiga ajoyib gol urgan Garet Beylga dam berishga qaror qildi va Asensio asosiy tarkibda harakat qildi. Shuningdek, Sebalos maydonda ilk daqiqalardan harakat qildi. Jamoaning yangi a'zosi, bask himoyachisi Odriosola esa bu o‘yinda debyutini amalga oshirdi. «Real»ni oldindagi haftada 3 o‘yin kutib turibdi: 26-29 sentabr kunlari Ispaniya chempionati doirasida «Sevilya» (safarda) va «Atletiko»ga qarshi (uyda), 2 oktabr kuni YeChL doirasida TsSKAga qarshi o‘yin (safar). Shunday ekan, yetakchilarga dam, yoshlarga o‘yin amaliyoti.