Jamiyat | 16:28 / 25.09.2018
9506
3 daqiqa o‘qiladi

"E'zozli ayollar" gimnastrada sportchi guruhi tashkil topganligining 6 yilligi nishonlandi

Bugun, 25 sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da “E'zozli ayollar” gimnastrada sportchi guruhi tashkil topganligining 6 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda sport bilan shug‘ullanishni aholining kundalik hayot tarziga aylantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan faol ayollar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

“E'zozli ayollar” gimnastrada sport guruhi  O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi  tashabbusi bilan  Toshkent shahar Shayhontoxur tumanidagi Yangiobod mahallasida 2012 yilda tashkil qilingan edi. 

Ushbu guruhning asosiy maqsadi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ayollarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish,  ularning salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va hayotga tatbiq etish, bir so‘z bilan aytganda xotin-qizlarni jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb qilish orqali onalar salomatligini asrash, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining munosib hissasini qo‘shishdan iboratdir.

Guruh avvaliga 20-30 nafar ayollardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning safi yanada kengaygan. Bugungi kunda ushbu guruhlarda 5 mingdan ziyod ayol-qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 

“E'zozli ayollar” gimnastrada guruhlari  respublikamizning barcha maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey, oliy o‘quv yurtlari va mahallalarda  tashkil etilgan.  

Guruh a'zoligiga ayollarni qabul qilishda ularning tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha shifokorning nazoratidan o‘tganligi, sog‘lig‘i haqidagi to‘laqonli ma'lumotga alohida e'tibor qaratiladi. Shu asosda ularga turli darajada bo‘lgan jismoniy sog‘lomlashtirish mashqlari tavsiya etiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ma'lum qilishicha, bu ayollarga vazirlik alohida e'tibor qaratmoqda. Ularga sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi, guruhning barcha a'zolari bir xil libos bilan ta'minlanadi va qishda yopiq inshootda shug‘ullanishlari uchun joy ajratiladi.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid