3-5 oktabr kunlari Toshkent shahridagi "O‘zekspomarkaz" ko‘rgazmalar zalida "Ipak yo‘lida turizm" XXIV Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning turistik salohiyati va madaniyati keng namoyish qilinadi. KUN.UZ muxbiri 24 sentabr kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarov va uning o‘rinbosarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan shu haqida xabar berdi.

Xalqaro TripAdvisor tashkilotining Butunjahon turizmni rivojlantirish tashkiloti uchun o‘tkazgan kuzatuviga ko‘ra, 80 foizdan ziyod sayyohlar Buyuk Ipak yo‘li haqida ma'lumotga ega. Forbes jurnali esa uni eng taniqli brend sifatida tan oldi. O‘zbekiston BMT, YuNeSKO va Butunjahon turizmni rivojlantirish tashkilotining qadimiy Buyuk Ipak yo‘li turizmini qayta tiklash bo‘yicha millatlararo loyihasining faol qatnashchisi hisoblanadi.
Yarmarkaning asosiy mavzulari
Tashqi va ichki turizm, faol va sarguzasht turizm, ma'rifiy va sog‘lomlashtiruvchi turizm, ekstremal turizm, agroturizm, to‘y turizmi, ot sporti turizmi, turistik ma'muriyatlar va milliy idoralar, turistik agentliklar va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy va kurort komplekslari, avialiniyalar va tashuvlar, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn bron qilish tizimlari, OAV, savdo jurnallari/ma'lumotnomalar.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad
Tajriba almashish uchun xalqaro platforma yaratish, Ipak yo‘li tarixiy madaniyati, tabiiy merosini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish va kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokamasi uchun maydon yaratish. Bundan tashqari, yuqori byudjyetli sayyohlarni jalb qilish.
Qaysi davlatlar ishtirok etadi?
Tailand qirolligi, Singapur, Misr, Malayziya, Ozarboyjon, Hindiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Xitoy, Rossiya va b.











