Jahon | 13:30 / 25.09.2018
8250
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Kreml gubernator saylovlarida yuqori natijaga erishgani uchun LDPR va KPRFni jazolaydi 

Foto: TASS

Rossiya prezidenti ma'muriyati ayrim hududlardagi gubernator saylovlarida yuqori natijaga erishgani uchun KPRF va LDPR partiyalarini jazolamoqchi. Bu haqda Kremlga yaqin manbasiga tayanib «Vedomosti» xabar qildi. Manbaning aytishicha, hukumat bu partiyalardan «g‘azabda».

Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, Kreml jazolashning bir nechta yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida KPRF va LDPR uchun saylovlarda hududlar ajratmaslik va mahalliy deputatlarning imzolarini yig‘ish bosqichida yordam bermaslik kabi rejalar mavjud.

Vladimir oblastida LDPR nomzodi Vladimir Sipyagin saylovlarning ikkinchi turida 57% ovoz olib, amaldagi gubernator Svetlana Orlova ustidan g‘alaba qozondi. Xabarovsk o‘lkasida liberal-demokrat Sergey Furgal 69,6% ovoz bilan amaldagi gubernator Vyacheslav Shportga imkoniyat qoldirmadi. Shuningdek, Xakasiyada bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tur saylovlarida ham kommunist “yedinoross”chi bilan kurash olib boradi.

KPRF va LDPR Vladimir oblasti, Xabarovsk va Xakasiyada koalitsion hukumat shakllantirishi haqida e'lon qilgandi. «Vedomosti»ning bildirishicha, Kreml bu xabarni izohlamagan.

Mavzuga oid