Ispaniya chempionatida hafta o‘rtasida navbatdagi tur uchrashuvlari davom ettirildi. Oltinchi turda ikki favorit ham mag‘lubiyatga uchradi.

«Leganes»ga Oskar
«Leganes» - «Barselona» - 2:1 (0:1)
Gollar: Koutinyu, 12 (0:1). El-Jar, 52 (1:1). Oskar Rodriges, 53 (2:1). 
«Leganes»: Kuelyar, Xuanfran, Bustinsa, Raul Garsiya, Tarin, Silva, El-Jar (Nom, 86), Vesga (Merino, 82), Ruben Peres, Oskar Rodriges (Xerard Gumbau, 74), En-Nesiri.
«Barselona»: ter Shtegen, Serxi Roberto, Pike, Yumtiti, Fermalen (Jordi Alba, 70), Rakitich, Buskets, Koutinyu, El-Haddodi (Suares, 61), Messi, Dembele (Malkom, 71).
Ogohlantirishlar: Ruben Peres, 40. Bustinsa, 49. Yumtiti, 60. Fermalen, 64. Nom, 88. En-Nesiri, 90+2. 
Hakam: Undiano Malenko (Ispaniya).
26 sentabr. Leganes. «Estadio Municipal de Butarque» stadioni.

O‘tgan mavsumda barcha «Barselona»ning La Ligadagi mag‘lubiyatsiz seriyasidan hayratlangandi. Bu rekord yana uzoqroq davom etishini ham kutishgandi. Kataloniyaliklar ishonch bilan seriyani davom ettirishgan, mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlab, «Arsenal»ning 2004 yilgi rekordni yangilash tomon borishayotgandi. Ammo bu ro‘y bermadi. May oyi oxirida, mavsum yakuni arafasida «Barsa» «Levante»ga safar o‘yinida 4:5 hisobida yutqazdi. Bu o‘yinda jamoa ikkinchi bo‘lim boshida 1:5 hisobida ortda qolayotgandi. London jamoasi rekordi yana uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi.

Bu mavsumda esa ko‘k-anorranglilar jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi atigi 5 tur davom etdi. Oltinchi turda yana bir kuchsiz raqib, turnir jadvalida oxirgi o‘rinda borayotgan «Leganes»ga mag‘lub bo‘lindi - 1:2. Jamoa o‘yinida pasayish o‘tgan turda, shanba kuni «Jirona»ga qarshi uy o‘yinida ham sezilgandi. Jamoa Kataloniya derbisi maqomidagi o‘yinda ochko yo‘qotgandi - 2:2.

Madrid yaqinidagi hudud sharafini himoya qiladigan «Leganes» esa oltinchi turga qadar faqat bir o‘yinda durang o‘ynab, 4 marta mag‘lub bo‘lgandi va turnir jadvalida oxirgi o‘rinni egallab turgandi. Bu jamoa shu vaqtga qadar hech qachon ko‘k-anorranglilar jamoasini mag‘lub etishmagandi. Ammo hech qachon hech qachon demaslik kerak ekan.