Prezidentning “Savdoni yanada liberallashtirish va tovar bozorlarida raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 yanvardan:

ulgurji savdoni amalga oshirish uchun litsenziyalar borligi haqidagi talab va ulgurji savdo korxonalarini soliqqa tortishning maxsus tartibi;

aksizli tovarlarning ayrim turlari ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishning amaldagi tartibi (avtomobillar, o‘simlik moyi, alkogol va tamaki mahsulotlari hamda boshqalar);

joyga chiqib savdo qilish uchun ruxsatnoma hujjatini berish bo‘yicha talablar;

tadbirkorlik sub'yektlari kontragentlari bilan munosabatlarda kelib chiqadigan, muddati bo‘lgan debitorlik qarzdorligi uchun sanksiyalar;

tadbirkorlik sub'yektlarida kelishuvlar bo‘yicha ichki bozorda 15%lik oldindan to‘lov talabi;

tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida to‘lov shartlarini hisobga olgan holda yangi meva-sabzavot mahsuloti eksportida 100 foiz miqdorida oldindan to‘lov haqidagi talab;

ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlar;

iste'molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasini shartnomada ko‘rsatilganidan ko‘proq iste'mol qilingani uchun jarima sanksiyalari;

yuqori likvidli tovarlar, xomashyo va materiallarni birja savdosiga chiqarish jadvallarini shakllantirish va uni Raqobat qo‘mitasi bilan kelishish amaldagi tartibi va boshqalarni bekor qilish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, 2018 yil 1 oktabrdan import bo‘yicha olib kirilgan yuqori likvidli mahsulot turlari, egalari o‘z xohishiga ko‘ra, ichki bozorda, shu jumladan, birja savdolarida cheklovlarsiz sotilishi mumkin.

Joriy yilning 1 oktabridan O‘zbekiston Respublikasidan jismoniy shaxslar uchun 5 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan ruxsat etilgan valyuta miqdori doirasida tovarlarni olib chiqishga ruxsat berilishi mumkin.

Hujjatning to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.