Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator muhim qonun loyihalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nuriya Aytjanova. 

Nuriya Aytjanova

Ta'kidlash joizki, ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan.

Xo‘sh, mazkur xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilishdan ko‘zlangan maqsad nima? U O‘zbekistonga nima beradi?

Shu o‘rinda, avvalo, masalaning mohiyati xususida.

BMT Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1°C ga ortgan. O‘zbekistonda esa xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6°S ga (13,2 dan 14,8 °S ga) ko‘tarildi. Ya'ni, isish jadalligi global masshtabda kuzatilayotgan o‘rtacha sur'atdan yuqori. Sababi, yurtimiz iqlim o‘zgarishi ta'siriga ko‘proq moyil mamlakatlar qatoriga kiradi.

Hozirgi kunda butun dunyoda ta'siri sezilayotgan ushbu ekologik muammoning sababi atmosferada issiqxona gazlari miqdorining ortishidir. Bu, ekspertlar fikricha, qurg‘oqchilik natijasida suv va oziq-ovqat tanqisligi xavfining oshishiga, yil mobaynida jazirama davr davomiyligining ortishi va kuchayishi natijasida aholi o‘rtasida kasalliklarning ko‘payishiga, shuningdek, boshqa turli xavfli tabiat hodisalari – sel, toshqinlarning tez-tez takrorlanishiga olib keladi. Ekotizimlar holatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadigan iqlim o‘zgarishi muammosini jahon hamjamiyati insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda.

Shu bois iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015 yil 12 dekabrda Fransiya poytaxtida o‘tkazilgan BMT Iqlim o‘zgarishi doiraviy konvensiyasi (BMT IO‘DK) tomonlari konferensiyasining 21-sessiyasida Parij bitimi qabul qilindi. U 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirdi va 2020 yildan boshlab amalga oshiriladi.

2017 yil 19 aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida O‘zbekiston Parij bitimini imzoladi. Bitimni imzolash uchun BMT IO‘DK Kotibiyatiga issiqxona gazlar tashlanmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish to‘g‘risida hujjat taqdim etildi. 2030 yilgacha uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030 yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010 yildagi darajaga nisbatan YaIM birligiga 10 foizga qisqartirishni mo‘ljallamoqda.