O‘zbekiston | 11:10 / 28.09.2018
10019
2 daqiqa o‘qiladi

Barcha yig‘ildi: Dushanbeda MDH davlatlari rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshladi

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari Purli Agamuradov Dushanbe shahriga yetib keldi. Bungacha MDH davlatlarining boshqa vakillari Tojikiston poytaxtida yig‘ilib bo‘lishgandi. 

Soat 10:30da Dushanbe shahridagi «Ko‘hi Somon» saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi doirasida prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi.

Tojikistondagi sammitda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston yetakchisi Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Moldova rahbari Igor Dodon, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov esa ayni vaqtda BMT Bosh assambleyasining 73-sessiyasi doirasida Nyu-Yorkda bo‘lib turibdi. Uning nomidan sammitga bosh vaziri o‘rinbosari Purli Agamuradov kelgan. Ukraina vakili sammitda yo‘q.

Dasturga ko‘ra, MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisi dasturi bo‘yicha keng doiradagi uchrashuvlar hamda hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Soat 14:00da «Bog‘i Eram» parkida siyosatchilar uchun furshet tashkil etiladi. Soat 15:00da prezidentlar Dushanbeni tark eta boshlashadi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa yana bir kun Tojikistonda bo‘ladi. Lukashenko va Imomali Rahmon Tursunzodaga ham tashrif buyurib, TALKO faoliyatini hamda mahalliy uzumzorlarni ko‘zdan kechirishi rejalashtirilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid