Sport | 09:02 / 28.09.2018
14147
2 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» yangi logotipini e'lon qildi. Undan klub akronimi olib tashlangan

«Barselona» klub logotipini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoa rasmiy xabar tarqatgan.

Ta'kidlanishicha, logotip «zamonaviy raqamli dunyoga moslashish maqsadida» yangi, «yanada uyg‘unlashgan va yorqinroq» ko‘rinishdagisi bilan almashtirilmoqda. Yangi dizayndagi ikki eng muhim jihat - «FCB» harflarining olib tashlanishi va ko‘k-anorrang chiziqlarni bo‘rttirish hisobiga ularning sonini 7 tadan 5 taga kamaytirilganidir. Shuningdek, akronim olib tashlangach, to‘p ramzi logotip markaziga yaqinlashgan.

Yangi logotip Summa kompaniyasi dizayneri Kongrad Llorens va Kataloniya dizayn olamida o‘z so‘ziga ega Xosep Maria Mir hamkorligida ishlab chiqilgan. Ulardan birinchisi «Milliy dizayn mukofoti» sohibi hisoblansa, ikkinchisi «Barselona shahri unvoni» bilan taqdirlangan professionallardir.

Qayd etilishicha, taqdim etilayotgan logotip klub direktorlar kengashi tomonidan ma'qullab bo‘lingan. Endilikda u 20 oktabr kuni bo‘ladigan «Barselona» klubining asosiy boshqaruv organi – Delegatlar Assembleyasida tasdiqdan o‘tishi kerak. Assambleya ham ma'qullagan taqdirda, yangi logotip 2019/2020 yillar mavsumidan boshlab foydalaniladi.

Kataloniya klubi so‘nggi marta 2002 yilda logotipini yangilagan edi.

Foto: Fc Barcelona

Mavzuga oid