Bu shanba o‘zgacha bo‘ladi. Rim va Madrid derbilaridan tortib, Angliyada va Italiyada chempionlik poygasiga katta ta'sir ko‘rsatadigan o‘yinlarning hammasi mana shu bir kunda bo‘lib o‘tishi oqshomimizni haqiqiy futbol bayramiga aylantirib yuborsa kerak. Kelasi hafta YeChL o‘yinlarining borligi bunga sabablardan biridir, zero shu ushbu musobaqada qatnashuvchi top klublarning o‘yinlari shanbaga belgilangan. Quyida bizni kutib turgan futbol shanbasi haqida batafsil ma'lumot beramiz.

ROMA – LATsIO (29 sentabr, 18:00)

Bu raqiblar, bu o‘yin haqida anons berayotganda jamoalarning imkoniyati, turnir jadvalidagi holati haqida ortiqcha gaplarning hojati yo‘q. Rimning ikki klubi bir paytda yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qilishlari kamdan kam kuzatiladi – goh «Roma», goh «Latsio» barqarorlikni namoyish etadi va o‘sha paytda qo‘shni jamoa qandaydir muammolar girdobida qolgan bo‘ladi. Ammo har mavsum, kim qayerda ekanidan qat'i nazar Rim derbisi o‘ta qizg‘in, keskin, murosasiz va esda qolarli o‘tishini ta'kidlash kerak. Oxirgi 18 derbining 7tasida «Roma», 6tasida «Latsio» g‘alaba qozongani yuqoridagi fikrlarni isbotlab turibdi. Zero so‘nggi yillarda «Roma» «Latsio»dan ko‘ra ancha ishonchli va kuchli ko‘rinmoqda, lekin shu ham derbidagi muvozanatga ta'sir qila olmagan.

«Roma» kuni kecha nihoyat autsayder «Frozinone» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ungacha qatorasiga 6 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelgan jamoa uchun derbi oldidan juda foydali g‘alaba bo‘ldi deb aytish mumkin. «Latsio»da esa, ishonch borasida hammasi joyida – Indzagi shogirdlari oxirgi besh o‘yinda (bir o‘yin Yevropa Ligasida) faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Mavsum boshida «Yuventus» va «Napoli»dan mag‘lubiyatga uchragan «Latsio» sentabrni mana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi.

BARSeLONA – ATLeTIK (29 sentabr, 19:15)

Ispaniyada nafaqat «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi o‘yinlar, balki bu grandlarning «Atletik»ka qarshi o‘yinlari ham «Klassiko» nomini olgan. Chunki aynan shu uch jamoa Ispaniya chempionatining eng boshidan buyon uzluksiz ravishda yuqori divizionda o‘ynab kelishmoqda.

Avvalgi Klassikoda «Atletik» «Real»ni qabul qildi va shu o‘yinda madridliklar ilk bor ochko yo‘qotishdi. Endi esa, imtihon navbati «Barselona»da. Valverde uchinchi bor «Barselona»ni sobiq jamoasiga qarshi maydonga boshlab tushadi. O‘tgan ikki o‘yinda ham kataloniyaliklar 2:0 hisoblarida ustun kelishgan.

Umuman olganda, «Atletik» «Barselona» uchun qulay raqib, so‘nggi o‘n yilda bilbaoliklar jamoasi atigi 3 marta «Barselona»ni mag‘lubiyatga uchratishgan bo‘lishsa, bularning ikkitasi superkubok va kubok o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Lekin aynan o‘sha superkubok o‘yini, esingizda bo‘lsa, «Atletik»ning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv barchaning yodida qolgan bo‘lishi tabiiy.