O‘zbekiston | 18:19 / 03.10.2018
32914
3 daqiqa o‘qiladi

101 nafar o‘zbek harbiy asiri: ulardan birining shaxsi borasida taxminlar ilgari surildi 

Bugun, 3 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan viloyat “Yoshlar markazi” majlislar zalida Gollandiyadagi Amersfort konsentratsion lagerining 101 nafar o‘zbek harbiy asirlari xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tadqiqotchi va yozuvchi Remko Reyding boshchiligidagi Niderlandiya delegatsiyasi a'zolari, nuroniylar, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda KUN.UZ’ga viloyat Yoshlar ittifoqi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati Yoshlar Ittifoqi Matbuot xizmati

- Yigirma yil muqaddam Gollandiyadagi sovet harbiy qabristonida 865 nafar noma'lum askar ko‘milgani, ularning 101 nafari o‘zbek asirlari ekanini bildim, - deydi Remko Reyding. – Ma'lum bo‘lishicha, 101 askar Germaniyaning Sobiq Ittifoq hududiga bostirib kirganining birinchi haftasida Smolensk yaqinida asirga olingan va ular tashviqot maqsadida natsistlar tomonidan bosib olingan Gollandiyaga yuboriladi. Fashistlar och osiyoliklar yemak uchun bir-biri bilan qanday urishib-talashishini kinokameraga tasvirga olishni istashadi. Biroq o‘tkir tikanli panjara ortidan uloqtirilgan nonni asirlar o‘zaro teng bo‘lib yeyishgani ularning hafsalasini pir qiladi.

Foto: Qashqadaryo viloyati Yoshlar Ittifoqi Matbuot xizmati

Delegatsiyaning asosiy maqsadi — 101 askar qarindoshlarini topishdan iborat. Buning uchun olim Qarshi, Buxoro, Samarqand va Chirchiqdagi arxiv ma'lumotlarini o‘rganishni boshlagan. 

Lagerda asirda bo‘lgan gollandiyalik bitta mahbus tomonidan chizilgan 9 ta portretdan faqat ikkitaginasida “Hotam Qodirov” va “Zoyir Murodov” ismlari yozilgandi. Izlanishlar natijasidagi taxminlarga ko‘ra, Zoyir Murodov qashqadaryolik bo‘lishi mumkin. 

Foto: Qashqadaryo viloyati Yoshlar Ittifoqi Matbuot xizmati

“Qonli urush mashaqqatlariga mardonavor bardosh bergan ajdodlarimizning yaqinlarini topishda va ularning nomlari tiklanishida barchani faollikka chorlab qolamiz!”, deydi Remko Reyding.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid