O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov «Futbol Ekspress» gazetasiga intervyu berar ekan, Superliga haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Superliganing bu formati kelasi yili ham shu tarzda qoladi deb aytolmayman. Biz boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqamiz. Ayni paytda chempionatimizda 12ta jamoa ishtirok etayapti. Lekin futbol millionlar o‘yini ekanligini unutmasligimiz kerak. O‘zbekistonda esa futbolni juda sevishardi. Shuning uchun, uning har bir viloyatida, shahrida albatta futbol bo‘lishi kerak. Birgina Toshkentning o‘zidan uchta jamoaning nima keragi bor? Masalan, men Andijon xalqi o‘z jamoasini Superligada ko‘rishini xohlayman. Chunki ular bunga munosib. Yoki Samarqandni olaylik. Samarqandda ham albatta futbol bo‘lishi kerak. Shu bois, biz chempionat formatini qayta ko‘rib chiqamiz va buni muhokama qilamiz. Futboldan butun xalqimiz bahramand bo‘lishi kerak. Chunki biz O‘zbekiston futbolini yuksaklarga ko‘tarish uchun mehnat qilayapmiz. Shuning uchun chempionatimiz tizimi borasida hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rganimizdan keyin, qaror chiqaramiz», - deydi Ahmadjonov.
Bir tomondan, juda to‘g‘ri gaplar. Xalqning, bir futbol muxlisining dilidagi gaplar. Ammo...
Avvalo, Superliga nima, Professional Futbol Ligasi qanaqa tashkilot, mazmunan bu tushunchalarning ma'nosi haqida biroz fikr bildirib qo‘yish kerak shekilli.
Tasavvur qiling, bir guruh do‘stlar bilan stadionga futbol o‘ynab turasizlar. Vaqt o‘tib, futbol o‘ynovchilar va jamoalar ko‘payib ketdi. Qachon, kim bilan qanday o‘ynalishi, maydonga tushish navbati kimda ekani haqidagi bahslar avj oldi. Har safar hamma to‘planib olib, bunday masalalarning hal qilinishi murakkablashib ketdi. Shunda chetdan odam yollaysiz.
«Biz ham futbol o‘ynab, ham ochkolarni hisoblash, hakam topish, ular bilan kelishish, sovrinlar joriy qilish bilan shug‘ullansak, qiyinlashib ketyapti. Shuning uchun biz siz(lar)ga jamoalar pul yig‘ib beramiz. Siz bu pulga musobaqani tashkillashtirib, taqvim tuzib, hakamlarni belgilab, turnir jadvalini tuzib borasizlar. Turnir halol va xolis, tartib bilan o‘tishini ta'minlab berasizlar», – deb aytiladi ularga.
Shu tariqa, Professional Futbol Ligasi paydo bo‘ladi. Tushunib turganingizdek, bu yerda futbol jamoalarniki, Liga esa, ularning vaqtini tejash, xolislikni ta'minlash maqsadida, ulardan olingan pul evaziga yollanma tashkilotchi vazifasini bajaradi.















