2016 yilning 19 oktabr kuni Urganch shahrida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Yangi Shovot ko‘chasi bilan Jayxun ko‘chasi kesishgan chorrahada «Captiva» va «Lasetti» rusumli avtomashinalar to‘qnashib ketishi oqibatida, «Lasetti» haydovchisi Oybek Esamuratov, uning uch nafar farzandi turli darajada tan jarohati olishadi. Uning tanishi Mahbuba Quryazova esa og‘ir jarohatlar natijasida, shifoxonada vafot etadi. «Captiva» boshqaruvida bo‘lgan Jasur Xudoyberganov yengil tan jarohati olgan.

Yangibozor tumani, Oybek ko‘chasi, 3-uyda yashovchi Oybek Esamuratovning aytishicha, u chorrahadan svetoforning yashil chirog‘ida o‘tayotganida, yon tomondan katta tezlikda kelgan va qizil chiroqda o‘tgan haydovchi Jasur Xudoyberganov boshqaruvidagi «Captiva» uning avtomashinasini urib yuborgan. Natijada, «Lasetti» 32 metr masofaga uchib ketgan va yo‘l chetidagi bordyurga borib urilgan.

Bu jinoyat ishi bir nechta sud instansiyalarida muhokama qilingan va so‘ngra Oliy sud ajrimi chiqarilgan. Ularning barchasi Oybek Esamuratovni yo‘l-transport hodisasini sodir etganlikda aybdor deb topgan. Sudlar guvohlarning ko‘rsatmalarini ishonchli deb topib, shu haqda hukm chiqarishgan. Ammo, negadir, bu «ishonchli» guvohlarning barchasi Jasur Xudoyberganovning tanishi yoki qarindoshi bo‘lib chiqadi, ularning ko‘rsatmalari esa xilma-xilligi, bir-biriga zidligi bilan ajralib turadi.

Guvohlarning ko‘rsatmalarini sud hukmlaridan olib, qisqacha tanishamiz.

Birinchi guvoh Sherzod Jonibekov (Jasur Xudayberganovning tanishi) dastlabki tergov va Yangiariq tumani sudida «men 90 Q 993 FA davlat raqamli «Matiz» rusumli avtomobilimda chorrahada chap tomonga qayrilmoqchi bo‘lib turganimda, «Lasetti» qarama-qarshi yo‘nalishdan soatiga 70-80 km tezlikda kelayotgan «Captiva»ni o‘tkazib yubormasdan, to‘qnashuv sodir qildi», degan. Ammo Xiva shahar sudida «men «Neksiya» rusumli avtomobilimda chorrahada o‘ng tomonga qayrilmoqchi bo‘lib turganimda, «Lasetti» qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan «Captiva»ni o‘tkazib yubormasdan, to‘qnashuv sodir qildi», degan. Qizig‘i shundaki, «Bilayn» kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan peleng ma'lumotiga ko‘ra, Sherzod Jonibekov o‘sha vaqtda avtohalokat yuz bergan joyda bo‘lmagan. U voqea joyiga bir soatdan so‘ng yetib kelgan.

(Shu o‘rinda peleng haqida qisqacha tushuntirish. Uyali aloqa kompaniyalari pelengatsiyasi mijozning qo‘l telefoni signalidan va atrofidagi antennalarning holatidan kelib chiqib, uning qayerda ekanini aniqlash imkoniyatini beradi. Peleng ma'lumotidan dastlabki tergovda va sudda foydalaniladi).