Vazirlar Mahkamasining 25.09.2018 yildagi 766-son qarorida shu va boshqa choralar nazarda tutilgan. Hukumatning ayrim hujjatlariga tegishli tuzatishlar kiritilgan.
 
Norma’ning yozishicha, pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash, shuningdek pensiya tayinlash uchun mehnat staji va sug‘urta badallarini hisobga olish masalalari yuzasidan o‘zgartirishlar kiritildi. 

Birinchidan, vaqtinchalik propiska (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo‘yicha hisobga olish) yoki yashash uchun ruxsatnomaga (xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun) ega bo‘lgan, bolalikdan nogironlarga va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, shuningdek ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar to‘lashni tiklash tartibiga aniqlik kiritildi. Hisobga olishning ko‘rsatilgan turlarining amal qilish muddati tugagan bo‘lsa, nafaqa to‘lash to‘xtatiladi va hisobga olishning yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda nafaqani to‘lash to‘xtatilgan paytdan, biroq 12 oydan ortiq bo‘lmagan paytdan boshlab uni olish mumkin.  

Misol. Fuqaroning Toshkentdagi vaqtinchalik propiskasining amal qilish muddati 2017 yil 1 iyunda tugagan. 2018 yil sentabrda shaxs poytaxtda kelgan joyi bo‘yicha yana hisobga olingan va to‘lanishi to‘xtatilgan nafaqani olish uchun pensiya bo‘limiga murojaat qilgan. Joriy etilgan tartib mohiyatidan kelib chiqilsa, mazkur shaxs 2017 yil iyundan 2018 yil iyungacha bo‘lgan davr uchun, ya'ni o‘tgan 12 oy uchun nafaqa olishi mumkin. 2018 yil iyul–avgust oylari uchun nafaqalarni olmaydi, sababi ular 12 oylik davrga kirmaydi. To‘lov to‘lash esa 2018 yil sentabrdan, ya'ni fuqaro yana hisobga olingan sanadan boshlab tiklanadi. 
 
Ikkinchidan, pensioner mamlakat tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotganda pensiyani muddatidan oldin to‘lash tartibiga aniqlik kiritildi. Ma'lumki, bunday hollarda pensioner ketishgacha 6 oylik pensiyasini ariza berilgan kundagi uning miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib olishi mumkin. Endi pensiya to‘lanadigan 6 oylik davr qanday hisoblanishiga aniqlik kiritildi. U ketishdan avval pensiya to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to‘langan) pensiya puli hisobga olinadi.    

Misol. Doimiy yashash uchun ketayotgan pensioner 20 avgustda ketishdan avvalgi 6 oy uchun pensiya to‘lashni so‘rab pensiya bo‘limiga ariza berdi. U pensiyani avgust oyidan yanvar oyigacha oladigan bo‘lib chiqyapti. Sababi ketishdan avval pensiya to‘lashni so‘rab ariza bergan oy (avgust) 6 oylik davrni hisoblashda inobatga olinadi.