Mamlakatimiz miqyosida kechayotgan jadal islohotlar samarasi qaysi viloyatda qanday bo‘y ko‘rsatishi mahalliy aholiga, ayniqsa, hududiy boshqaruv rahbarlariga bog‘liqligi kundek ravshan. Hazrat Navoiy aytganidek, quyosh hamma yerga barobar nur sochsa-da, dashtda tikan, bog‘da esa gul bitadi. Albatta, bu o‘rinda oftob nuridan tashqari ham muhim omillar ko‘p. Bir zamonlar respublikamizning janubiy viloyati – Surxondaryoga islohotlar hadeganda yetib boravermaydigan olis hudud sifatida qarab kelingani hech kimga sir emas. Biroq keyingi yillarda bu elda yuz ochgan yangilanish-u o‘zgarishlar butun mamlakatimiz afkor ommasining nigohini bot-bot janubiy vohaga tortayotgani ham bor gap. “XXI asr” gazetasi muxbiri vohada aholi manfaatlarini ta'minlash, qulay tadbirkorlik muhitini yaratish, bunyodkorlik va yaratuvchanlik, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni jilovini qo‘lga olgan viloyat hokimi Bahodir Po‘latovga bir necha savol bilan murojaat qildi.
– Bahodir aka, viloyat hokimi etib tayinlanganingizga hali ko‘p bo‘lmadi. Shu bois suhbatimizni Surxondaryoga kelib chiqargan dastlabki xulosalaringiz, ilk taassurotlaringiz bilan boshlasak.
– Surxondaryo yurtimizning boshqa hududlarida uchramaydigan bir qator o‘ziga xosliklarga ega. Eng muhimidan boshlay, viloyat ahli mard va tanti. Gapini ochiq, istiholasiz ayta oladi. Qadrlaganni qadrlaydigan el. Samimiyatni yaxshi ko‘radi. Vohada bir necha millat va elat vakillari ahil-inoqlikda, yaqin qardoshlik, quda-andachilik rishtalari bilan bog‘lanib ketgan holda istiqomat qiladi. Uch tomoni osmono‘par tog‘lar bilan o‘ralgan, bir tomoni Amudaryo orqali Afg‘oniston bilan chegaradosh vohamiz tabiati har qanday odamni hayratga solishi shubhasiz. Shu bois ekoturizm va ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari yuqori. Bu zaminda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yil davomida ochiq usulda, uch martagacha hosil olish imkoniyati mavjud. Har yili ikki million tonnadan ortiq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiriladi.
Keyingi ikki yilda viloyatda katta ishlar amalga oshirilyapti. Xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan yirik loyihalarga qo‘l urilmoqda. “Gold Agro Fresh”, “ASG Group” korxonalar uyushmasi, “Jarqo‘rg‘on meva-sabzovot eksport”, “Surxonteks”, “Amudar teks” kabi ko‘plab yirik sanoat korxonalari yuqori quvvat bilan ish boshladi. Yaqinda turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda Sherobod tumanida yirik sement zavodi foydalanishga topshirildi. Yiliga 1,5 million tonna sement tayyorlash quvvatiga ega mazkur korxonada mingdan ortiq kishining bandligi ta'minlandi.
Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida tabiiy boyliklardan unumli foydalanish imkonini beruvchi bir necha yirik sanoat korxonalariga ham tamal toshi qo‘yilgandi. Rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida Boysun tumanida loyiha qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari olib borilyapti.















