Ispaniya chempionatining 8-turida ham ikki grand ochko yo‘qotishda davom etdi. «Real» «Alaves» mehmoni bo‘lib, g‘alabasiz va golsiz seriyasini davom ettirgan va to‘rtinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lsa, «Barselona» «Valensiya» maydonida g‘alabaga erisha olmadi va birinchi o‘rinni boy berdi. Bu o‘ringa g‘alabali seriya qayd etayotgan «Sevilya» chiqib oldi. «Tribuna» dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida o‘tkazilgan tur o‘yinlarini batafsil yoritadi.

7 soatlik golsiz seriya va yangi mag‘lubiyat


«Alaves» – «Real» – 1:0 (0:0)
Gol: Garsiya, 90+5.
«Alaves»: Pacheko, Ksimo Navarro, Laguardiya, Maripan (Agirregabiriya, 88), Duarte, Brashanats, Vakaso (Garsiya, 74), Tomas Pina, Ibai Gomes (Sobrino, 67), Kaleri, Xoni.
«Real»: Kurtua, Odriosola, Varan, Serxio Ramos, Nacho, Kroos, Modrich, Kazemiru (Asensio, 62), Sebalos, Benzema (Dias, 46), Beyl (Vinisius Junior, 80).
Ogohlantirishlar: Vakaso, 54.
Hakam: Xayme Latre.
6 oktabr. Vitoriya. «Mendizorroza» stadioni.

2002 yilning 6 oktabrida ham «Real» «Alaves» bilan o‘ynagan, faqat bu o‘yin «Santyago Bernabeu»da kechgandi. Bu Ispaniya chempionatidagi odatdagi oddiy o‘yin emasdi, shu kuni o‘yinning 63-daqiqasida Ronaldo maydonga chiqqan va 64-daqiqada gol urgandi. U o‘yin davomida ikkinchi golni ham urgan, «Real» esa 5:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu Ronaldoning «Qirollik klubi» safidagi debyuti bo‘lgandi. Madrid tik oyoqda Ronaldoni olqishlagandi o‘shanda.

Oradan 16 yil o‘tdi. Endi «Real»da Ronaldo ham, Ronaldu ham, futbolchi Zidan ham, murabbiy Zidan ham yo‘q, faqat Florentino Peres Madridda yangi «galaktikos»ni tashkil etish uchun behuda urinmoqda. Xulen Lopetegi mavsumdagi 10 o‘yindan faqat yarmida g‘alaba qozona oldi xolos, bunday ko‘rsatkich Peres davrida faqat bir marta (o‘tgan asr oxirida Jon Toshak murabbiyligida) kuzatilgan. Hatto 3 yil muqaddam muvaffaqiyatsiz natijalari uchun ishdan haydalgan Rafael Benites dastlabki 10 uchrashuvida mag‘lubiyatga uchramagandi.

Lopetegi esa iste'foga chiqish haqida o‘ylamayapti. «Barselona»da qancha ochko bo‘lsa, bizda ham shuncha!», demoqda u. Ha, «Barselona» o‘z o‘yinini o‘tkazishidan oldin ochkolar soni teng edi, ammo tur oldidan o‘tkazilgan YeChL o‘yinlarida «Barselona» «Tottenhem»ni safarda 4:2 hisobida mag‘lub etib qaytgan, «Real» esa Moskvada TsSKAga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. «Alaves»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi yakunlanganida madridliklarning golsiz daqiqalari 364 daqiqaga yetgan, bu olti soat degani edi. Bu «Real» bir yilgina muqaddam qatorasiga 73 o‘yinda gol urib, «Santos»ning afsonaviy rekordini yangilagandi.