Rossiya terma jamoasining sobiq a'zolari, «Zenit» hujumchisi 27 yoshli Aleksandr Kokorin hamda «Krasnodar» yarimhimoyachisi, 30 yoshli Pavel Mamayevga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Futbolchilar avvaliga Moskva markazida «Pervyy kanal» boshlovchisining haydovchisini, keyinroq kafeda Minpromtorg (Savdo va sanoat vazirligi) mulozimini do‘pposlashda gumon qilinishmoqda. Ularga nisbatan klublari tomonidan ham jiddiy sanksiyalar qo‘llanishi kutilmoqda. OAVda tarqalgan oxirgi xabarlarga ko‘ra, futbolchi qo‘lga olingan. 

8 oktabr kuni internetda futbolchilar Moskvadagi Nikita bulvarida joylashgan «Kofemaniya» kafesida RF Savdo va sanoat vazirligi mulozimi Denis Pakga hujum qilgani tasvirlangan video tarqaldi.

9 oktabr kuni esa kafedagi janjaldan biroz vaqt oldin futbolchilar «Pervyy kanal» boshlovchisining haydovchisini do‘pposlashgani ma'lum qilindi.

Haydovchiga hujum

7 oktabr kuni Peterburgda «Zenit» Rossiya chempionati doirasida «Krasnodar»ni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Jarohatidan tuzalib safga qaytgan Kokorin ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi, o‘yinni to‘liq o‘tkazgan Mamayev esa mehmonlarning yagona javob goliga mualliflik qildi. O‘yindan keyin futbolchilar Moskvaga yo‘l olishdi. Kokorin o‘z instagramida Mamayev bilan «Do‘stlikning 10 yili»ni nishonlayotgani haqida yozgan.

Foto: Instagram /Aleksandr Kokorin

8 oktabr kuni tongida «Pekin» mehmonxonasi yaqinida Kokorin va Mamayev «Pervyy kanal» boshlovchisi Olga Ushakova va uning haydovchisi — Viktor Solovyovga hujum qilishgan. Bu haqda dastlab Mash xabar tarqatdi, xabarga «Moskovskiy komsomolets» aniqlik kiritdi. Ushakova politsiyaga murojaat qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Solovyov futbolchilardan bezorilik qilmaslikni, mashinasiga «suykalmaslik»ni so‘ragandi. Bunga javoban futbolchilar haydovchiga tashlanishgan. Telegram-kanal 112 kanalida tarqalgan videoda voqea jarayoni aks etgan. Ammo kuzatuv kameralari orqali olingan tasvirlarda hujum qiluvchilar Kokorin va Mamayev ekani aniq ko‘rinmagan. Ayni vaqtda haydovchi shifoxonaga yotqizilgan, uning burni sinib, miyasi chayqalgan.