18:44 / 10.10.2018
9766

Fransiya hukumati bayonot berdi: mamlakat siyosati o‘zgarmaydi

Foto: AFP/ Etienne Laurent/Pool

Fransiya hukumati rasmiy vakili Benjamen Grivoning ma'lum qilishicha, mamlakat vazirlar mahkamasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga qaramasdan, o‘z siyosatini o‘zgartirmaydi.

Benjamen Grivo
Foto: Thomas Samson/AFP

Avvalroq, Fransiya vazirlar mahkamasidagi o‘zgarishlar prezident Emmanuel Makron Armanistondan qaytganidan so‘ng yuz berishi xabar qilingandi, u ushbu davlatga frankofoniya sammitida ishtirok etish uchun boradi. Fransiya rahbari juma kuni kechqurun Parijga qaytadi. Hukumatda yangilanishlarga ehtiyoj borligi haqida bir hafta oldin vazifasidan ketgan Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerar Kollonning iste'fosidan keyin gapira boshlashdi. Makron bosh vazir Eduar Filippga ichki ishlar vaziri lavozimini vaqtincha bajarish vazifasini topshirdi.

«Umumiy siyosiy bayonot (parlament oldida) siyosat o‘zgarganda amalga oshiriladi, ammo hozirgi holat bunday emas... Biz hozirda kuzatilayotgan siyosat va yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlaymiz», - dedi Grivo chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat siyosatida hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligi tufayli, bosh vazirning texnik iste'fosi ham talab qilinmaydi.

Grivo Makronning vazirlar kengashi yig‘ilishidagi so‘zlariga tayanib ta'kidlashicha, «ayrim sharhlovchilar taqdim etishga urinayotgani kabi» parlamentdagi ko‘pchilik yoki hukumat tarkibida siyosiy yo‘nalishga oid bahslar yo‘q.

Shuningdek, Fransiya prezidenti u va hukumat rahbari o‘rtasida hech qanday tushunmovchilik yo‘qligini ta'kidladi, deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Grivo.

Fransiya matbuoti xabariga ko‘ra, hukumat almashuvi bir qator vazirlarga ta'sir ko‘rsatadi. Grivo bu borada izoh bermadi, bu qaror prezident va hukumat rahbari tomonidan qabul qilinishini bildirib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8-9 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Yelisey saroyida o‘tgan davlat rahbarlarining muzokaralari har tomonlama samarali bo‘ldi. Ikki mamlakat uchun manfaatli va uzoq muddatli kelishuvlarga erishildi. Tashrif doirasida hukumatlararo va idoralararo 10ta hujjat imzolandi.

Top