Bugun “Bunyodkor” stadioni anjumanlar zalida O‘zbekiston – KXDR o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning birinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Ektor Kuper va himoyachi Anzur Ismoilov ishtirok etdi.
Kirish qismida Ektor Kuper quyidagilarni ta'kidlab o‘tdi.

- Oldimizdagi ikki o‘rtoqlik uchrashuvlari navbatdagi sinov jarayoni bo‘ladi. Terma jamoani shakllantirishda davom etamiz. Suriya va Eronga qarshi o‘yinlar bilan solishtirganda o‘zgarishlar bo‘ldimi, o‘yinchilarda o‘sish bormi, shu masalalarga e'tibor qaratamiz.
Men sinov degan gapni ko‘p takrorlayapman. Bu hammaga ham yoqmasligi mumkin. Ammo o‘rtoqlik o‘yinlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘yinchilarni sinab ko‘rish va shu orqali jamoa o‘yinini Osiyo kubogigacha shakllantirish.
Ertangi o‘yinda oldin terma jamoada o‘ynamagan yangi o‘yinchilarni ko‘rishingiz mumkin. Ularning terma jamoaga qanday ko‘nikib ketishini kuzatib boramiz. Bundan tashqari, taktik jihatdan ham o‘yinimizda biroz o‘zgarish bo‘ladi. Shuning uchun navbatdagi bahslar yana bir marta o‘yinimizni ko‘rib, tahlil qilib olish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.
Shundan so‘ng Anzur Ismoilov o‘yin oldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Terma jamoada kayfiyat juda ham yaxshi. Jamoaga olimpiya terma jamoasi a'zolari ham qo‘shildi. Murabbiyning taktik ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qilamiz.
- Faqat ikki darvozabon (O‘tkir Yusupov va Roman Abdulov) terma jamoadan birinchi marta chaqiruv oldi. Terma jamoa safida yangi nomlar haqida gapirganingizda, darvozabonlarni nazarda tutdingizmi?
- Birinchi marta chaqiruv olgan o‘yinchilarni emas, terma jamoada doimiy ravishda o‘ynamagan, 2-3 uchrashuvda maydonga tushgan, masalan Javohir Siddiqov kabi futbolchilarni nazarda tutgan edim.
- Ertaga Shimoliy Koreyaga qarshi hujumkor o‘yin ko‘ramizmi?
- Ertaga hujumkor o‘yin ko‘rsatamiz, deb ayta olmayman. Ertaga o‘zim xohlayotgan, men futbolchilar kutayotgan o‘yinni ko‘rmoqchiman. Hujumkormi yoki himoyaviy – buning farqi yo‘q, avvalo mening uslubim natija olib kelishi kerak.
















