Sport | 17:55 / 12.10.2018
27981
2 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper o‘z hisobidan terma jamoa xodimlarini moddiy mukofotladi

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper KXDR termasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida terma jamoada faoliyat yurituvchi xodimlarga o‘z yonidan xizmat haqi to‘lagani borasidagi xabarlarga izoh berib o‘tdi.

«Men hech kimga oylik bermayman, o‘zim oylikka ishlaydigan odamman. Agar kimgadir pul bersam, bu federatsiyaning o‘rniga ularga maosh berganimni anglatmaydi. Ularning xizmati yoqqani uchun shaxsiy tashabbus ko‘rsatgan bo‘laman.

Xodimlar erta tongdan boshlab kun bo‘yi ishlashadi va ularning xizmati menga ma'qul keldi. Shuning uchun ham mukofot tariqasida ularga pul berganman. Bu masalada federatsiya bilan hech qanday muammo yo‘q», - deya aytib o‘tdi Kuper.

Bosh murabbiy, shuningdek, O‘FA u bilan o‘rtasidagi kelishuvga qay darajada amal qilayotgani, uning talablarini qanchalik qondira olayotgani haqida ham gapirib o‘tdi.

«Federatsiyadan nolimagan bo‘lardim. Muammo doim topiladi, ularni birgalikda hal qilyapmiz. Federatsiya bilan hech qanday muammoyim yo‘q. Barcha oyliklar o‘z vaqtida to‘lanyapti», - deya ta'kidladi O‘zbekiston terma jamoasi ustozi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid