Saudiya Arabistoni delegatsiyasi muxolifatdagi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining Turkiyada izsiz yo‘qolishi bo‘yicha tekshiruv ishlarida qatnashish uchun Anqara shahriga yetib keldi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.
Saudiya Arabistoni vakillari Turkiya huquq-tartibot organlari xodimlari hamda tekshiruvda qatnashayotgan boshqa tomonlar bilan uchrashuv o‘tkazadi.
3 oktabr kuni The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Saudiya Arabistoni konsulligiga kirib ketgach, izsiz yo‘qolgani haqida xabarlar tarqala boshlagandi.
U Saudiya Arabistoni bosh konsulligiga 2 oktabr kuni soat 13:00 atrofida hujjatlarni rasmiylashtirish uchun kelgandi. Uni konsullik xodimlari chaqirishgandi. U konsullikka qallig‘i bilan birga kelgan, biroq ayol ichkariga kiritilmagan. 5 soatdan keyin esa konsullik xodimlaridan biri chiqib, jurnalist ketganini aytib, uni boshqa kutmaslikni tavsiya qilgan.
Jurnalist konsullikka kelishi oldidan agar ushlanadigan bo‘lsa, bu haqda Turkiya hukumati va ommaviy axborot vositalari turk-arab uyushmasini xabardor qilishni aytgandi.
Turkiya hukumati jurnalist o‘ldirilganini taxmin qilmoqda.
«Turkiya politsiyasining dastlabki taxminiga ko‘ra, janob Qo‘shiqchi Saudiya Arabistoni konsulligida o‘ldirilgan. Fikrimizcha, qotillik qasddan sodir etilgan va jurnalistning jasadi konsullikdan olib chiqib ketilgan», deya turkiyalik mansabdor shaxs so‘zlarini keltirgan Reuters axborot agentligi.
Turklar jurnalistning o‘limida 15 kishidan iborat guruhni gumon qilishmoqda.
9 oktabr kuni Turkiya hukumati jurnalistning yo‘qolib qolishi voqeasidan so‘ng Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosida tintuv o‘tkazishga ruxsat oldi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saudiyalik jurnalistning yo‘qolishi tergovini shaxsan kuzatib borishini ma'lum qilgan.
















