O‘zbekiston | 18:15 / 12.10.2018
16976
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik o‘zbeklar Mirziyoyev va Rahmon nomzodini Nobel mukofotiga ilgari suradi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikistondagi o‘zbeklar jamiyati kelasi yil Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surish uchun imzo to‘plash kampaniyasini boshladi. Bu haqda gezitter.org xabar qilmoqda.

Tojikistonlik o‘zbeklar jamiyati raisi Muharrama Mirzoaliyevaning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus guruhi Norvegiya Nobel qo‘mitasiga murojaat qilgan.

«Bizga nomzodlarni ilgari surish jarayoni batafsil bayon qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, Norvegiya Nobel qo‘mitasi prezidentlarni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlikka olish haqida hukumat tuzilmalarining arizalarini ko‘rib ham chiqmaydi. Biroq, agar davlat rahbarini jamoat tashkilotlari ilgari sursa, ularning murojaatlari majburiy tarzda ko‘rib chiqiladi», - deydi Muharrama Mirzoaliyeva.

Ikki yil muqaddam Tojikistonning taniqli siyosat va jamoat arbobi Hikmatullo Nasriddinov prezident Imomali Rahmon nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga rasman ilgari surishni taklif qilgandi.

2010 yilgi aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 926 ming o‘zbek yashaydi, bu mamlakat aholisining 12,5 foizini tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti jarroh Deni Mukvega va huquq himoyachisi Nada Murodga berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid