O‘zbekiston | 09:06 / 13.10.2018
7788
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi sud ishi: advokatlar nima haqida so‘rashdi?

Zokir Rahimov

2018 yil 10 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudida O‘zR JKning o‘ta og‘ir moddalari bo‘yicha ayblanayotgan Zokir Rahimov jinoiy ishi bo‘yicha mahkama jarayoni davom etdi. Unda muzokara so‘zini aytgan advokatlar sudga raislik qiluvchi F.Xalilovdan ayrim davlat idoralariga taqdimnoma kiritishni so‘radi. Bu haqda Kun.Uz’ning mazkur ochiq sud ishini kuzatib borayotgan muxbiri xabar bermoqda. 

Himoya tomoniga ko‘ra, Z.Rahimovga nisbatan tuzilgan ayblov xulosasida sudlanuvchining aybida umuman ko‘rsatilmagan jumlalar ham qo‘shib ketilgan. Misol uchun, “2018 yil 17 iyul kuni Navoiy viloyat prokurori birinchi o‘rinbosari T.Nurmetov tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasida Rahimov Z.ning «Al-Qoida» xalqaro terroristik tashkiloti tarkibida harakat qilgan deb ko‘rsatilishini, tergov organining sudlanuvchi aybini yanada bo‘rttirib ko‘rsatishidan boshqa narsa emasdir”. 

“Shu sababdan aynan ayb e'lon qilish qarorida ko‘rsatilmagan aybni ayblov xulosasida ko‘rsatib sudga o‘tkazish holati yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasiga taqdimnoma kiritish haqida xususiy ajrim chiqarishingizni so‘raymiz”, - dedi advokat Esonov muzokara so‘zida.

Mavzuga doir: Navoiyda terrorchilikda ayblanayotgan Zokir Rahimov ustidan sud eshituvlari davom etmoqda
Prokuror Zokir Rahimovga yigirma yil so‘radi – advokat prokurorni ishiga vijdonan yondashmaganlikda aybladi
Zokir Rahimov ishi: advokatlar sudlanuvchiga nisbatan ilgari surilgan ayrim ayblovlar isbotlanmagan, deb hisoblamoqda 

O‘zR Konstitutsiyasi 26-moddasida «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi» deyiladi. O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasida «Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining rasmiy ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e'lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini tahlil qilish yoki sudga o‘zgacha yo‘l bilan ta'sir ko‘rsatish taqiqlanadi».

Advokatga ko‘ra, “Rahimov Zokirning aybida ham, jinoyat ishi materiallarida ham uning xalqaro terroristik tashkilotlar «Al-Qoida», «IShID», Eron Islom Respublikasidagi «Jihodchilar» terroristik tashkilotiga a'zo bo‘lib faoliyat yuritgani yoki shu tashkilotlarga daxldorligi haqidagi ma'lumotlarni tasdiqlovchi biror bir hujjat yoki dalil mavjud emas”.

“Biz ushbu holatni sudlanuvchi Z.Rahimovni atayin o‘ta xavfli terrorist maqomiga chiqarish va sudga tazyiq o‘tkazish maqsadida qilingan, deb baholaymiz”, - degan to‘xtamga kelishgan advokatlar.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid