Jahon | 15:56 / 13.10.2018
19484
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist mojarosi. Saudiya Arabistonining rasmiy pozitsiyasi ma'lum qilindi

Foto: Yasin Akgül/AFP/Getty Images

Saudiya Arabistoni ichki ishlar vaziri, shahzoda Abdul Aziz ibn Saud ibn Naifning ma'lum qilishicha, uning mamlakati hukumati muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘g‘irlanishi bo‘yicha «yolg‘on ayblovlarni» qoralaydi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistni o‘ldirish haqidagi buyruq - yolg‘on va asossiz ayblov. Bu haqda 12 oktabr kuni Saudi Press Agency xabar berdi.

Abdul Aziz ibn Saud ibn Naif
Foto: SPA

Shahzodaning ta'kidlashicha, Saudiya Arabistoni podshohligi xalqaro huquqqa rioya qilish va o‘z fuqarolari manfaatlarini ham mamlakat ichida, ham xorijda himoya qilishga e'tibor qaratib kelmoqda. U ishni tergov qilishda Turkiya va Saudiya maxsus xizmatlari o‘rtasida hamkorlik qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi hamda jurnalistning yo‘qolib qolishi bo‘yicha barcha haqiqatni bilib olish uchun mamlakat rasmiylarida samimiy istak mavjudligini bildirdi.

Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga kirganidan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Hukumat talabi bilan u diplomatik vakolatxonada ajrashish to‘g‘risidagi hujjatlarni shaxsan qabul qilib olishi kerak edi. Jurnalist qallig‘ini kiraverishda qoldirgan, biroq qaytib chiqmagan.

Foto: REUTERS

Konsullik xodimlarining bildirishicha, u «ketib qolgan». Turkiya hukumatining taxminiga ko‘ra, Saudiya maxsus xizmatlari jurnalistni bino ichida o‘ldirishgan va o‘sha kuni bosh konsullikka qayta-qayta kirgan, oynalari qoraytirilgan avtomobillarning birida jasadni olib chiqishgan. Kuzatuv kameralariga tushib qolgan qora mashina qidiruvga berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya saudiyalik amaldorlar sanksiya ro‘yxatini tayyorlayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid