Biz tamom bo‘ldik! Zaxira o‘rindig‘ida o‘yinni kuzatib o‘tirar ekanman, xayolimdan faqat shu fikrlar kechayotgandi.

Uchrashuvdan oldin hammamiz «Manchester Siti»ni chempion «qilib qo‘ygandik». «KPR» ligadan tushib ketmaslik uchun kurashayotganidan xabarimiz bor, ammo biz kuchliroq ekanimizni bilib turardik. Maydonga tushib, g‘alaba qozonsak bo‘ldi – biz Premer Liga chempionlarimiz. Biz sovrinni qo‘ldan chiqarishimiz mumkinligiga hech kim ishonmasdi.

O‘yin boshlandi. Hammasi sokin. 39-daqiqada hisob ochildi. Biz oldindamiz. Chempionlik deyarli cho‘ntakda. 

Lekin ikkinchi bo‘lim boshidayoq ular hisobni tenglashtirishdi. Keyin raqib tarkibidan bir futbolchi maydondan chetlatildi va biz bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynay boshladik. Durang aslo bizni qoniqtirmas,«Manchester Yunayted»ni chempionga aylantirardi. Kutilmaganda, ular ikkinchi golni ham urishdi. Hammasi 18 daqiqa ichida sodir bo‘ldi. Dahshat!..

Esimda, ikkinchi goldan keyin Roberto Manchini maydon chetida turib, jahl otiga mingan, hech kim bilan gaplashmay, faqat so‘kinardi. Hammasi tamom bo‘ldi, deb o‘ylay boshladim. Biz ajoyib mavsum o‘tkazdik, lekin so‘nggi o‘yindagi bosimni yenga olmadik. Endi esa, hammasini bir necha daqiqada boy berib qo‘yishimiz mumkin, tushunyapsizmi?

Nihoyat Manchini meni oldiga chaqirdi va maydonga tushishimni aytdi. Butun jamoa bo‘lib, harakat qilishni boshladik. Juda ko‘p hujumlar uyushtirar, ammo to‘p hech raqib darvozasiga bormasdi. Ba'zida shunaqasi ham bo‘lib turadi. 88-daqiqa, 90-daqiqa... tamom bo‘ldik biz! Vaqt tugadi. Adashmasam, besh daqiqa qo‘shib berildi. Agar PlayStation o‘ynab yurgan bo‘lsangiz, bilasiz, agar 91-daqiqada yutqazib turgan bo‘lsangiz, g‘alaba qozonishning umuman iloji yo‘q. Biz esa, maydondamiz va boshqa imkoniyatimiz yo‘q.

Burchak to‘pi belgilandi. David Silva to‘pni uzatdi. Men boshim bilan darvozani aniq nishonga olganimda soat millari o‘yinning 91:20 soniyasini ko‘rsatib turardi. «Qani, yigitlar, qani» – men maydon markazi tomon yugurdim. Bizda o‘ynash uchun, g‘alaba qozonish uchun yana ikki-uch daqiqa qolgandi. Balki hammasi tamom emasdir?

Keyin nima bo‘lganini bilasiz. Bilmayman, bu qanday bo‘lganini ochig‘i. Go‘yoki, qandaydir ko‘rinmas kimdir bizga imkoniyat taqdim etgandek edi. Mendan o‘sha paytdagi hissiyotlarimni so‘rashadi. Menimcha, o‘shanda eng kuchli hissiyot, o‘zimni juda yengil sezgandim. Agueroning zarbasi golga aylanganda naqadar quvonganimni tasvirlab bera olmayman. Biz mana shu ajoyib jamoa bilan bir yil mehnat qildik, yaxshi natijalar ko‘rsatdik, ammo qaysidir soniyalarda biz hammasini boy berishimiz ham mumkin edi.

«Shaharliklar» uchun bu 44 yildagi ilk sovrin edi, shundaymi? Bu o‘yin menga futbolda ham, hayotda ham doim imkoniyat bo‘lishini, vaqt bor ekan harakatdan to‘xtamaslik kerakligini o‘rgatdi. Agar taslim bo‘lsang – sen o‘lding.