O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, KXDRga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«G‘alaba qozonish doim yoqimli. Shuning uchun ham juda mamnunman. Xursandligimning sababi – natija emas, jamoa o‘yinining ancha yaxshilangani. Chunki, masalan, Eronga qarshi kechgan o‘yin bilan solishtirsak, o‘sha bahsdagi xatolarimizni bugun deyarli takrorlamadik, deya olamiz. Bu asosan taktik jihatda ko‘rinadi. Futbolchilar pozitsiya tanlashda juda yaxshi harakat qilishdi. Eron bilan o‘yindagi xatolarni ko‘rmadik.

Bundan tashqari, Eron bilan bahsda pressingda hamma o‘yinchilar ham qatnashmayotgan edi. Bugun esa barcha birdek pressing qo‘llashda ishtirok etdi. Bu juda katta yaxshi o‘zgarish, deb hisoblayman.

O‘yinchilar himoyada tartib bilan harakat qilishdi. To‘g‘ri, raqib ko‘p ham hujum uyushtirmagan bo‘lishi mumkin, ammo himoyada o‘sish ko‘rindi. Yarim himoyadan hujumga o‘tishda yaxshi harakat qildik, lekin baribir hujum chizig‘imizda muammolarimiz bor. Juda ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi. O‘yinchilarda sovuqqonlik yetishmagandek, chunki vaziyatlarni golga aylantira olmadik.

Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, shogirdlarim oldingi ikkita uchrashuvdagidan ancha yaxshiroq harakat qilganidan juda mamnunman», - deya ta'kidlab o‘tdi Kuper matbuot anjumani boshida.

- Ikrom Aliboyev bunga qadar chap qanotda vinger sifatida o‘ynamagan. Osiyo o‘yinlarida markazda to‘p surgan edi. Ikromda bu qanot vingeri sifatida nimadir ko‘rdingizmi yoki unga tarkibdan joy topib berish kerakligi uchun shunday yo‘l tutdingizmi?

- To‘g‘ri ta'kidladingiz, Ikrom Aliboyev oldingi jamoasida ham doim markazda harakat qilgan. Uni birinchi marta chap qanot yarimhimoyasida sinab ko‘rdik. Bu o‘yinchining chap qanot yarim himoyachida o‘ynashga qodirligini ko‘rdim, u juda tezkor o‘yinchi. Shu boisdan uni sinab ko‘rishga qaror qildim. Uning harakatlaridan to‘liq qoniqish hosil qildim, deb ayta olaman.

O‘yinchilar yoshlar termasidan milliy jamoaga o‘tganida psixologik jihatdan ham qiyinchilik bo‘ladi. Bu jamoalar darajasi bir xil emas. O‘yinchi ana shu to‘siqni yengib o‘tishi kerak. Umuman qilib aytsam, menga Ikrom Aliboyevning o‘yini yoqdi.