O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yilning III choragi uchun respublika aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari haqidagi hisobotni e'lon qildi.

Joriy yilning III choragida iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, yilning birinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng mazkur ko‘rsatkichlar iyul oyidan boshlab oshib bordi, deyiladi Markaziy bank axborotida.

2018 yilning iyul-sentabr oylarida aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksida ko‘tarilish kuzatildi.

Xususan, iyul oyida indeksning bir oylik o‘sishi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyida deyarli o‘zgarishsiz qoldi, sentabrda esa o‘sishni davom ettirib, 580 bandga teng bo‘ldi.

Yuridik shaxslar tomonidan sezilgan inflyatsiya indeksi esa sentabrda iyun oyiga nisbatan 31 foizga oshib, 508 bandni tashkil etdi.

Shu bilan birga, joriy sezilgan inflyatsiya indeksi yil boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past darajada bo‘lsa ham uning o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu o‘z navbatida kelgusidagi inflyatsion kutilmalarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Sentyabr oyida so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar «qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?» savoliga asosan pomidor, mol go‘shti, guruch va qo‘y go‘shtini belgilagan. Shuningdek, ushbu oyda avvalgi oylardan farqli ravishda kartoshka, bug‘doy uni, non, tovuq go‘shti, sabzi narxlari oshganini ko‘rsatgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan «ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tannarxi oshishiga qaysi omillar yuqori darajada ta'sir ko‘rsatdi?» savoliga asosan xom ashyolar narxi, transport va ishchi kuchi xarajatlari qayd etilgan.

Shuningdek, sentabr oyida kuzatilgan valyuta almashuv kursining ko‘tarilishi ushbu oyda mahsulotlar tannarxi oshishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi.