Ekvador hukumati WikiLeaks asoschisi, mamlakatning Londondagi elchixonasida istiqomat qilayotgan Julian Assanj uchun yurish-turish qoidalarini e'lon qildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Xususan, Assanjga Internetda siyosiy yoki boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashish sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan izohlarni qoldirish taqiqlandi.

Bundan tashqari, WikiLeaks asoschisi vannani toza saqlashga majbur. Ekvador hukumatining ma'lum qilishicha, diplomatik missiya Assanjning tozalash va kir yuvishga xarajatlarini to‘lamaydi. Shuningdek, Assanj elchixonada o‘zi bilan yashaydigan mushukka yaxshiroq qarashi kerak bo‘ladi, aks holda uni hayvonlar uchun boshpanaga olib ketishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Assanj WikiLeaks’ga yangi bosh muharrir tayinlagani xabar qilingandi.