«Kun.uz» fuqarolarni qiynayotgan muammolarni yoritishda va bunga jamoatchilik e'tiborini qaratishda davom etadi. Tahririyatimizga O‘rta Chirchiq tumani Yangi hayot mahallasi Eram ko‘chasida istiqomat qilayotgan fuqarolar nomidan yo‘llangan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan O‘rta Chirchiq tumaniga yo‘l oldik.

Viloyat markazi Nurafshon shahridan unchalik uzoqda bo‘lmagan Eram ko‘chasiga burilar ekanmiz, mahalla yangi vujudga kelgan mahallalardan ekaniga ko‘zimiz tushdi. Mahalladagi mavjud uylar chala bitgan bo‘lsa-da, 80% aholi ko‘chib kelib yashamoqda. Aholining so‘zlariga qaraganda oldingi yashash joylari davlat ehtiyojlari uchun olingan va uy-joy qurish uchun shu yerlardan joy berilgan.

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Aholini qiynayotgan muammolardan eng asosiysi ko‘chalarning asfalt qilinmaganligi va buning natijasida issiq kunlarda chang va yomg‘irli mavsumda loygarchilikdan aziyat chekayotganligi haqida edi. Ko‘chalarni kuzatar ekansiz, beixtiyor nigohingiz yo‘llarning ayanchli ahvolda ekanligiga tushadi. Ko‘chaga qadam bosishimiz bilan oyog‘imiz loyga botdi. Bu ko‘chalarga bir marta kirgan odamning qaytib oyoq bosgisi kelmaydi. Biroq, bu yerda sabr qilib yashayotganlarni oldinda butun bir kuz-qishning yog‘ingarchilik to‘la kunlari kutib turganini o‘ylab dilingiz xira tortadi. Hali yomg‘ir bir marta sepalab o‘tgandayoq bu ko‘chalar allaqachon loyga botgan. Ko‘lmak suvlar to‘planib, qayerga chiqishini bilmaydi. Aholining so‘zlariga qaraganda, bu muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam so‘rab ko‘p joylarga shikoyatlar yo‘llangan. Natijasi esa ko‘rib turganimizdek.

“Buyog‘iga kuz-qish mavsumi, yog‘ingarchiliklar ko‘payadi. Yurib bo‘lmay qoladi bu ko‘chalarda. Farzandlarimiz maktabga borishadi. Katta ko‘chaga chiqqunicha hammayog‘i loy bo‘lib, ba'zida uyga qaytib ham kelishadi. Barcha birdek qiynalmoqda, bolalarimizni ko‘chagacha boshqa oyoq kiyimda olib chiqib, yo‘lga chiqqandan keyin boshqasini kiydirib yuboramiz. Yangi ko‘chib kelganmiz. Uylarimizni ham haligacha to‘liq bitira  olmadik. Elektr, simyog‘ochlarni ham o‘z hisobimizdan qildik. Lekin yo‘lni ta'mirlashga aholining moddiy imkoniyatlari yetmaydi. 2016 yildan buyon yordam so‘rab yo‘llagan murojatlarimiz javobsiz qolmoqda. Faqat kelishadi, ko‘rishadi, va'da berishadi - natija esa yo‘q. Hech bo‘lmasa shag‘al to‘kib berishsayam rozi edik”,- deydi mahallada yashovchi fuqarolardan biri.