O‘zbekistonda yerlarni sotish bosqichma-bosqich boshlanadi. Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash uchun qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yerlarni davlat mulkidan chiqarib tashlash boshlanadi.

Adliya vazirligi tomonidan «Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi tayyorlandi.

Hujjatda 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilarni belgilash taklif etilmoqda:

yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar - rezidentlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar - O‘zbekiston rezidentlari, shuningdek, mamlakat fuqarolari yer uchastkalari bilan birgalikda xususiylashtirish tartibida davlat ko‘chmas mulk obektlarini sotib olishlari mumkin. 

Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yer uchastkalarining xususiylashtirilishi respublikada biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.

Loyihaning maqsadi yerlarni fuqarolik aylanmasiga jalb qilish, ulardan samarali foydalanishni ta'minlash, investitsion imkoniyatlarni kengaytirish va yer qonunchiligini yanada takomillashtirishdir.

Yer uchastkasining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, yer uchastkalari va ular bilan mustahkam bog‘langan obektlar birligi prinsipi belgilanadi, unga binoan joylashgan yer uchastkasi mulkdoriga tegishli bo‘lgan bino yoki inshootga mulkdorlik huquqi berilganda, bino yoki inshoot bilan band hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasiga egalik huquqi bino yoki inshootni sotib oluvchiga o‘tadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarorlari asosida pullik asosda amalga oshiriladi.