Amaldagi tartiblarga muvofiq, jismoniy shaxslar ayrim turdagi tovarlarni istisno qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni mamlakatimizga boj to‘lovlarini to‘lamasdan olib kirishlari mumkinligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi «Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 463-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalari tasdiqlangan edi.
Biroq, ayrim fuqarolarimiz bojxona to‘lovlaridan qochib, berilgan imtiyozdan tijorat maqsadida foydalanishga urinish holatlari ortib bordi, deb ma’lumot beradi Kun.uz’ga Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Chunonchi, qo‘mita axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim shaxslar tovar olib o‘tish maqsadida boshqa fuqarolarni jalb etish, soddaroq aytganda, ma’lum bir haq evaziga ularni yollash yo‘liga o‘tishgan.
Oqibatda, tijorat maqsadidagi sifati kafolatlanmagan tovarlarni, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shni davlatlardan chegara bojxona postlari orqali tashib berishni o‘ziga kasb qilib olgan shaxslar qayta-qayta harakatlanishlari hisobiga chegara bojxona postlarida sun’iy ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan.
Misol uchun, fuqaro R.N. joriy yilning o‘tgan davrida 413 marotaba, M.Ye. 331 marta, S.U. 282 marotaba qo‘shni davlatlarga o‘tib qaytishgan. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Shuningdek, tez buziladigan va sovutgichlarda saqlashga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish sharoitlariga rioya etilmagan holda «tashmachilar» tomonidan tijorat maqsadida respublikamiz hududiga olib kirilishi, iste’molchilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Bojxona organlari tomonidan shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida tijorat maqsadlari uchun tovarlarni yetkazish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.
O‘tgan davrda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bojxona rasmiyatchiligi soddalashtirilganidan foydalanib, «tashmachilar» yordamida bojxona chegarasidan o‘tkazilgan 23,8 mlrd so‘mlik tovarlar















