O‘zbekiston Superligasining 26-turi doirasida «Paxtakor» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni qabul qildi va 1:3 hisobida yutqazdi.
Bu mag‘lubiyatdan so‘ng, «Paxtakor» turnir jadvalida «Lokomotiv»dan 6 ochko ortda qolib ketdi va chempionlik taqdiri amalda hal bo‘ldi.
O‘yindan keyin jamoa bosh murabbiyi Shota Arveladze matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Bu derbi o‘yini edi. O‘yin qiyin kechdi. Bugun Superligadagi eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi saf tortgandik. «Lokomotiv»ning o‘yini yaxshi shakllangan. «Lokomotiv»ni tabriklayman. Ular bugun yaxshi o‘ynashdi.
Biz esa birinchi bo‘limni juda yomon boshladik. Ikkinchi gol bizni izdan chiqardi, ikkinchi goldan keyin qiyin ahvolga tushib qoldik, tashabbus raqibga o‘tib ketdi. Rejalar o‘zgardi, bu futbolchilarni almashtirishlarga ham ta'sir ko‘rsatdi. Ko‘p tavakkal qila boshladik.
Ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadik. Shunday vaziyatlar bo‘ldiki, o‘yin butunlay boshqacha natija bilan tugashi mumkin edi. Jamoada xarakter borligini ko‘rsata oldik. Ammo kechikkandik», dedi matbuot anjumanida murabbiy.

Undan «Lokomotiv»ga qarshi o‘yin natijasiga «Paxtakor» 27 oktabr kuni O‘zbekiston Kubogi finalida OGMK klubiga qarshi maydonga tushishi qanchalik ta'sir ko‘rsatgani haqida so‘rashgan.
«Aytishim kerakki, hali bizda chempionat doirasida 6ta tur o‘yini bor. 4 kundan keyin «Bunyodkor bilan o‘ynaymiz. Kubok finalida ishtirok etamiz. Vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyat ham, vaqt ham bor.
Biz har bir turnirga jiddiy yondashamiz. «Paxtakor» o‘zi ishtirok etayotgan har bir turnirda g‘alaba qozonish uchun ishtirok etadi. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
«Lokomotiv»ga qarshi safarda yana bir o‘yin o‘tkazamiz. «Lokomotiv» kuchli oltilikdagi raqiblarga qarshi yana 6 o‘yin o‘tkazishi kerak. Umid qilamizki, «Lokomotiv» ham hali ochko yo‘qotadi.
Men hozir aybdorlarni qidirmayman, FIFA kunlari jamoa o‘yiniga ta'sir ko‘rsatgani yoki ko‘rsatmagani haqida gapirmoqchi emasman», degan Arveladze.
Undan o‘zining Toshkent klubidagi faoliyatidan qanchalik qoniqayotganini ham so‘rashgan.
«Men siz bilan bahslashmoqchi emasman. Lekin siz ham, boshqalar ham bu mag‘lubiyatdan oldin bunday savol bermayotgandingiz. Yutqazdik, endi shu savol tug‘ildi.

















