​Joriy yil o‘quv mavsumi boshidanoq umumiy o‘rta ta'lim maktab sinflari uchun sinf jurnallari yetkazib berilmayapti. Bu haqda turli hududlarda faoliyat yurituvchi maktab o‘qituvchilari Kun.uz'ga ma'lum qilgan. 

Ta'kidlanishicha, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan mahalliy boshqarmalarga maktablarning I-IV, V-IX, X-XI sinflari uchun vaqtinchalik sinf jurnallari namunasi yuborilgan. Vazir Sherzod Shermatov imzosi bilan tasdiqlangan buyruqqa ko‘ra, sinf jurnallari nashr etilib, belgilangan tartibda yetkazib berilgunga qadar umumiy o‘rta ta'lim maktablarida vaqtinchalik sinf jurnalining namunasidan foydalanish tavsiya etiladi.

Buyruqda yana ikki gap aniq ta'kidlangan: jurnal muhrlangan holda yuritilishi nazoratga olinadi va mazkur ishlarni amalga oshirishda ota-onalardan pul yig‘ish kabi korruptsion holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Unda jurnal osmondan tushadimi yo yerdan o‘sib chiqadimi? Ha, uni 2018 yil sentabrdan e'tiboran oshirilgan maoshidan masrur yurgan o‘qituvchilar tayyorlaydi. Cho‘ntagidan, maoshidan. 

«Har yili 10 kun, uzog‘i bilan 15 kunda jurnal berilgan. Shungacha vaqtincha jurnal tayyorlab, shuni yuritganmiz. Asl jurnal tarqatilgach, hammasini ko‘chirardik. Bu yil sal boshqacha bo‘ldi: avvaliga, vaqtincha jurnal, keyin 1 oy uchun tayyorlash aytildi, so‘ngra yil davomida jurnal bo‘lmaydi, degan gap tarqaldi. Mana endi vazirning buyrug‘i chiqibdi. 

Maoshimiz oshirilgan, hech kim ishidan ayrilishni istamaydi, lekin shusiz ham zo‘rg‘a kun kechirayotgan o‘qituvchilar taqdirga tan berib ishlashda davom etyapmiz», deydi toshkentlik o‘qituvchilardan biri. 

Birdan «uddaburon tadbirkorlar» paydo bo‘lib, sinf jurnalini tayyorlab berish xizmati ko‘paydi. Masalan, yillik o‘quv rejasiga mos jurnalni tayyorlash 100 ming so‘mdan kam emas. Ayrim viloyat markazlarida esa tipografiya xizmati orqali bosib chiqarilgan jurnallar nisbatan kamxarj bo‘lib chiqdi. 

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Mas'ul xodimning ta'kidlashicha, vazirlik sinf jurnalini sotib olish uchun tender e'lon qilish talab etiladi. 

«Tender ma'lum bir vaqt xaridlar saytida turishi lozim. Tender asosida jurnal yetkazib beruvchi tashkilot belgilanadi», deydi vazirlik vakili. 

Ma'lum qilinishicha, tender jarayoni hanuzgacha davom etmoqda va shu vaqt oralig‘ida vaqtinchalik jurnallar shakllari mahalliy boshqarmalarga yetkazib berilgan. Albatta, vaqtinchalik jurnal qaysi mablag‘ hisobidan va kim chop etishi haqida aniq ma'lumot mavjud emas. Shunga qaramay, boshqa savol paydo bo‘ladi: nega tender o‘quv mavsumi boshlanganiga qaramay, haligacha davom etmoqda?