Xususiy mulk huquqini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentabrda ma'qullangan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 192(1)-moddasi (Xususiy mulk huquqini buzish):
birinchi qismining (Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya'ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qo‘yish yoxud uni o‘z mol-mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majburlash, talon-taroj alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa) sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi»;
ikkinchi qismining (O‘sha harakatlar: a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi»;
uchinchi qismining (O‘sha harakatlar: a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa) sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
«eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».
Mavzuga oid
15:01 / 05.11.2024
Nyu-Yorkda piyodalarga yo‘lning istalgan joyidan istalgan vaqtda kesib o‘tishga ruxsat berildi
17:49 / 23.10.2024
Senat yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi
18:34 / 04.10.2024
Kreativ iqtisodiyot sohalaridagi faoliyat yo‘nalishlari qonun bilan belgilandi
14:21 / 02.10.2024