O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir, deb yozilgan. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Ammo ayrim mas'ullar yo konstitutsiyani o‘qishmagan, yo o‘qigan bo‘lishsa ham asosiy qonunimizga bepisand.

Youtube'da ko‘rish

Gap shundaki, Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan «Zim boshi» fermer xo‘jaligi 800 boshdan ziyod qo‘y-qo‘zi va echkilarini Navoiy, Buxoro dashtlarida bahor yomon kelgani tufayli Jizzax va Sirdaryo viloyati yaylovlarida shartnoma asosida boqib kelmoqda.

Xo‘jalik 2018 yil 12 oktabr kuni Sardoba tumanidagi «Abduaziz chorvasi» fermer xo‘jaligi bilan bu borada shartnoma imzolab, qo‘y-echkilarni yaylovga chiqaradi.

Biroq, murojaatchi «Zimboshi» fermer xo‘jaligi raisi Dilshod Uzoqovning hikoya qilishicha, 17 oktabr kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari yaylovda o‘tlab yurgan bo‘g‘oz qo‘y va echkilardan 28 boshini shu joyning o‘zida bo‘g‘izlab, yana 7 bosh qo‘chqorni haydab ketishadi. Fermer jami 35 bosh jonliq — 25ta homilador qo‘y, 7 bosh qo‘chqor va 3 bosh echkisidan ayrilib o‘tiribdi. Qo‘ylarning go‘shti ajratilib, noma'lum tomonga olib ketilgan. Terisi va ichak-chavoqlari, ichidagi homilasi esa dalada qoldirilgan.

Chorvador Dilshod Uzoqov

Yaylov egasi — Sardoba tuman «Abduaziz chorvasi» fermer xo‘jaligi raisi Akrom Xo‘janovning bildirishicha, chorva o‘zaro tuzilgan shartnomaga ko‘ra yaylovda boqilayotgan bo‘lgan. Biroq qo‘ylar 5 gektar beda maydoniga chiqarilgan va o‘sha yerda so‘yilgan. Beda shu yil ekilgan, lekin u yaxshi rivojlanmagan, bedazorni yantoq bosib ketgan. Fermer bedazorni buzishni mo‘ljallab turibdi.

A.Xo‘janov «Zim boshi» fermer xo‘jaligiga hech qanday da'vosi yo‘qligini, ekinlari payhon bo‘lmagani va zarar ko‘rmaganini bildirdi.