O‘zbekiston | 11:01 / 24.10.2018
2454
3 daqiqa o‘qiladi

Kinematografiya sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanadi

Foto: iStock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, quyidagi shartlar bir vaqtda mavjud bo‘lganda film milliy hisoblanadi:

filmni ishlab chiqarish, prokatga berish va ommaviy namoyish etishdagi xarajatlar smetasi bo‘yicha umumiy ishlarning 60 foizidan kam bo‘lmagan qismi O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kinematografiya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilsa;

filmni tasvirga olish guruhi tarkibining 60 foizidan ko‘pi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari hisoblansa;

film O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tayyorlansa, filmda foydalanilgan xorijiy til badiiy o‘y-fikrning ajralmas qismi hisoblangan hollar bundan mustasno.

Kinematografiyaning asosiy prinsiplari quyidagilar:

kinematografiya sohasida insoniylik, vatanparvarlik, bag‘rikenglik g‘oyasi, milliy-madaniy va ma'naviy qadriyatlarning ustuvorligi;

fuqarolar, ayniqsa yoshlarning estetik, ma'naviy, axloqiy va vatanparvarlik tarbiyasiga ko‘maklashish;

kinematografiya sohasida ijodiy faoliyat erkinligi, kinematografiya tashkilotlarining mualliflik va turdosh huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

milliy kinematografiyani rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

milliy kinematografiya merosini asrab-avaylash;

kinematografiya tashkilotlarining filmni ishlab chiqarish, prokatga berish va ommaviy namoyish etishdagi teng huquqliligi.

Kinematografiya sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

milliy kinematografiyani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

milliy kinematografiya merosining eng yaxshi namunalarini qayta tiklash shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida bo‘lganlarini qaytarish;

milliy kinematografiyaning texnologik, ishlab chiqarish, ilmiy, axborot va o‘quv bazasini takomillashtirish;

kinematografiya vositalari orqali insonparvarlik, vatanparvarlik, bag‘rikenglik, umuminsoniy, milliy-madaniy va ma'naviy qadriyatlarni tarqatish;

kinematografiya tashkilotlari tomonidan yaratiladigan filmlarning texnik sifati va g‘oyaviy-badiiy darajasini ko‘tarishga ko‘maklashish;

kinematografiya tashkilotlari, shu jumladan alohida shaxslarning mualliflik
va turdosh huquqlarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kafolatlash;

kinematografiyada kasbiy darajada bo‘lmagan havaskorlar faoliyatiga ko‘maklashish;

kinematografiya sohasidagi xorijiy va xalqaro kinematografiya assotsiatsiyalari, fondlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

kinematografiya faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Kinematografiyani moliyalashtirish manbalari quyidagilardir:

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari;

banklar va moliya tashkilotlari tomonidan beriladigan kreditlar;

xorijiy investitsiya mablag‘lari;

homiylik mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid