Jahon | 14:50 / 25.10.2018
36675
3 daqiqa o‘qiladi

Trampda uchta iPhone bor - AQSh prezidentining telefonlari haqida sensatsion ma'lumotlar e'lon qilindi

Shealah Craighead / White H / SIPA / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp muloqot uchun uchta iPhone'dan foydalanadi. Ulardan ikkitasi milliy xavfsizlik agentligi tomonidan tasdiqlangan. Smartfonlardan birini Tramp tvitter va boshqa dasturlar uchun ishlatsa, bittasi qo‘ng‘iroqlar uchun.

Bundan tashqari, Trampda shaxsiy muloqot uchun yana bitta iPhone bor. Bu haqda «The New York Times» prezidentning telefonlari haqidagi sensatsion maqolasida e'lon qildi.

«NYT» AQSh hukumatidagi sobiq va ayni damda ishlaydigan bir necha manbalariga tayanib xabar berishicha, Xitoy va Rossiya Trampning shaxsiy telefonidagi (xavfsizlik agentligi tasdiqlamagan smartfonidagi) suhbatlarini eshitadi. Maqolada aytilishicha, ruslar va xitoyliklar bu suhbatlarni tahlil qilib ulardan foydalanishadi.

Xitoy Trampning suhbatlaridan uning ishongan odamlari kimligini va kelajakda qanday harakat qilmoqchi ekanini o‘rganadi. To‘plangan ma'lumotlar tahlil qilingach, ulardan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo urushida foydalaniladi. Ya'ni, Trampga nima yoqishi to‘g‘risida boshlang‘ich xulosalar aniqlab olinadi.

Tahlillar natijasida Trampning yaqin do‘stlari kim ekani aniqlangan. Xitoyliklarning taxminicha, Blackstone Group kompaniyasi rahbari Stiv Shvartsman va yana bir magnat Stiv Uinn AQSh prezidentining yaxshi do‘stlaridan hisoblanishadi. Chunki, Tramp ularga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turishi ma'lum bo‘lgan. Qizig‘i, ikkita Stivning ham Xitoy bilan bevosita biznes aloqalari bor va Xitoy ulardan Trampga ta'sir o‘tkazishda foydalanmoqchi ekani ham istisno qilinmayapti.

«The New York Times»ning yozishicha, ruslar ham Trampning qo‘ng‘iroqlarini eshitishadi, lekin ular xitoyliklardan farqli ravishda, bu ishga unchalik ham jiddiy e'tibor berishmaydi.

«Chunki ruslar Trampning Rossiyaga, xususan Putinga simpatiyasiga shubha qilmaydi», deb yozadi AQShning eng mashhur nashri.

Foto: The New York Times 

Nashrning ta'kidlashicha, AQSh xavfsizlik tashkilotlari Trampni shaxsiy telefondan foydalanmaslikka ko‘ndira olishmayapti. Ular prezidentda Oq Uy rahbariga aylanishidan oldin mavjud bo‘lgan telefondagi suhbatlari eshitilishidan hayiqish oqibatida paydo bo‘lgan paranoyya hamon saqlanib qolganiga va u telefonda davlatga tegishli gaplarni gapirmasligiga umid qilishadi.

Bundan tashqari, Tramp doim «yolg‘on uyasi» deb ataydigan «NYT» prezident muhim razvedka va harbiy sirlardan xabardor emasligini, shuning uchun oliy darajadagi xavfsizlik rahbarlari uning telefonda gaplashishidan unchalik xavotirga tushmasliklarini qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid